Hozirgi vaqtda avtomashinalik bo‘lish istagini bildirgan fuqarolarimizga banklar tomonidan uzoq muddatli bo‘lib to‘lash sharti bilan kredit ajratilmoqda.
Biroq, ayrim fuqarolar ajratilgan kredit pullarini belgilangan muddatlarda qaytarmayotgani achinarlidir. Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2023-yil 15-dekabrdagi ijro hujjatiga asosan kredit qarzini o‘z vaqtida qaytarmagan qarzdor K.I.dan “Kapital bank” ATB foydasiga 298,1 million so‘m undirish, uni esa kreditga olingan MALIBU-2 rusumli avtotransport vositasiga qaratish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va bo‘lim tomonidan qarzdorga tegishli bo‘lgan, undiruv qaratilishi belgilangan MALIBU-2 avtomashinasi tegishli tartibda xatlovga olingan. Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan kredit qarzdorligi bartaraf etilmaganligi sababli xatlangan avtomashina elektron onlayn auksion savdo orqali sotuvga chiqarilgan.
Joriy yilning 1-aprel kuni o‘tkazilgan auksion savdolarida MALIBU-2 avtomashinasi 251 million so‘mga sotildi va tushgan pul mablag‘i bank foydasiga o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.