Tailandning Pxuket shahrida shiddatli bahslarga boy tarzda davom etayotgan jahon kubogining o‘ninchi kungi musobaqalarida mamlakatimiz og‘ir atletikachilari 4 ta medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni Akbar Jo‘rayev -109 kilogramm vazn toifasida yana bir karra dunyoning tengsiz polvoni ekanini namoyish etdi.
Iste’dodli sportchimiz Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda 189 kilogramm, siltab ko‘tarishda 227 kg. va ikki kurash natijasiga ko‘ra, 416 kilogramm toshlarni bo‘ysundirgan holda jahon kubogining 3 ta oltin medalini qo‘lga kiritdi. Taqdirlash marosimida olis Tailandda Akbar Jo‘rayevning g‘alabasi sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz sarbaland bo‘ldi.
Shuningdek, yosh sportchimiz Sharofiddin Amriddinov -109 kilogrammdagi murosasiz kurashlarda o‘z mahoratini namoyish etdi. U dast ko‘tarishda 170 kilogramm toshni bo‘ysundirib bronza medali sohibi bo‘lgan bo‘lsa, siltab ko‘tarishdagi 208 kilogramm ko‘rsatkich bilan 5-o‘rinni va ikki kurashdagi 378 kilogrammli natija bilan jahon kubogini 4-pog‘onada yakunlashini ta’minladi. Siltab ko‘tarish va ikki kurashdagi ko‘rsatkichlari kuchlilar o‘rtasida o‘rin olishiga imkon bermadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA