Ushbu nufuzli tadbir O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, «O‘zbekneftgaz» AJ hamda mamlakatimiz yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilmoqda.
Bugun, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida mazkur marafon oldidan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tashkilotchilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha muammo va kamchiliklar borasida mutasaddilarga tushuntirish berdi. Ushbu kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi va ijobiy hal etilish bo‘yicha takliflar o‘rganildi.
Ma’lumot uchun, VI Toshkent xalqaro marafonining umumiy sovrin fondi 720 million so‘mni tashkil qiladi. Ilk marotaba erkaklar va ayollar o‘rtasida trassa rekordi uchun asosiy mukofotlardan tashqari bonuslar taqdim etiladi. Aniqrog‘i, marafon masofasi uchun 15 million so‘m va yarim marafon masofasi uchun 10 million so‘m beriladi. Toshkent marafoni xalqaro miqyosdagi sport tadbiri bo‘lib, «World Athletics Label« maqomiga ega hamda “World Athletics” (Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi) musobaqalar taqvimiga kiritilgan.
Darvoqe, mazkur marafonda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish 15-aprelga qadar uzaytirildi. Unda ishtirok etish uchun perfend.com platformasida ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA