Bolani yoshligidan kitob mutolaasiga o‘rgatishda onaning o‘rni beqiyos. Oilada ona kitobxon bo‘lsa, farzandlar ham, albatta, kitobga mehr qo‘yadi. Bolani kitob o‘qishga majburlash emas, har bir ona, avvalo, o‘zi o‘rnak bo‘lsa, natija kutilgandan ham ziyoda bo‘ladi. Shu bois bugungi kunda joylarda “Kitobxon ona, kitobxon bola” shiori ostida tanlovlar tashkil etilmoqda.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida professor-o‘qituvchilar va xodima ayollarning farzandlari ishtirokida o‘tkazilgan “Kitobxon ona, kitobxon bola” ko‘rik-tanlovi gapimizning isbotidir.

To‘rtta shart bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda 9 nafar professor-o‘qituvchi va xodima farzandlari bilan ishtirok etdi. Turli ertak kitoblarni mutolaa qilgan bolajonlar ularning mazmunini o‘zlarining shirin tilida hikoya qilib berdi.

Hakamlar hay’atining yakuniy xulosasiga ko‘ra, 9-12 yosh oralig‘idagi bolalar orasida filial xodimasi N.Qadirimbetovaning qizi  G.Abdikalikova, 5-7 yosh oralig‘ida esa filial xodimasi J.Jalg‘asbayevaning farzandi M.Serikbayeva birinchi o‘rinni egalladi.

Filial direktori A.Yesimbetov tanlov g‘oliblarini qutlab, ularga diplom va esdalik sovg‘alarini topshirdi

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri