Moskvada Rossiya Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasining (FNPR) XII qurultoyi bo‘lib o‘tmoqda. Unda a’zo tashkilotlar tomonidan saylangan 600 nafar delegat, FNPR bilan hamkorlik qilayotgan kasaba uyushmalari va kasaba uyushmalari birlashmalari rahbarlari, 10 ta davlatdan milliy kasaba uyushma markazlari vakillari mehmon sifatida ishtirok etmoqda.

Qurultoyda bugun Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Qurultoy delegatlari FNPR Bosh kengashining hisoboti bilan tanishdilar va Rossiya kasaba uyushmalari harakatining dolzarb masalalari bo‘yicha 15 ta rezolyutsiyani qabul qildilar.

Yig‘ilishda FNPRning “Adolatli iqtisodiyot uchun!” dasturi qabul qilindi. Dastur Rossiya kasaba uyushmalari harakatining yaqin kelajakdagi asosiy maqsadlari va tamoyillarini belgilab beradi. Unda ishlab chiqarilgan mehnatning umumiy miqdoridan daromadni adolatli taqsimlashga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni barpo etish, har bir ishchiga munosib ish haqi, ijtimoiy sheriklikni yangi davlat mafkurasi sifatida belgilash, bandlik shaklidan qat’i nazar, barcha ishchilarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqiga ega bo‘lishi haqida so‘z boradi. Dasturda, shuningdek, axborot va yoshlar siyosati, xotin-qizlarning mehnat huquqlari, mehnatni muhofaza qilish, kasaba uyushmalarining ichki tuzilmasi kabi mavzular ko‘tarildi.

Qurultoyda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi delegatsiyasi ishtirok etdi.

“Rossiya Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasining XII syezdi dunyodagi tahlikali geosiyosiy vaziyatda bo‘lib o‘tmoqda, – dedi qurultoyda so‘zga chiqqan delegatsiya rahbari Q. Rafiqov. – Biz barchamiz yaqinda ko‘plab insonlar o‘limiga sababchi bo‘lgan «Krokus Siti Xoll»da tashkil qilingan mudhish terroristik xurujning ta’sirida yashamoqdamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘sha kuni birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston xalqi nomidan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga samimiy hamdardlik izhor etdi.

Prezidentimiz halok bo‘lganlarning yaqinlariga samimiy hamdardlik so‘zlarini izhor qilib, jabrlanganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tiladi”.

Ikki davlat kasaba uyushmalarining uzoq yillik hamkorlik tarixiga to‘xtalib, bugungi kunda bu hamkorlik yanada mustahkamlanib borayotganiga e’tibor qaratar ekan, notiq, jumladan, hozirda hech bir mamlakat bunday terrorchilik xurujidan kafolatli himoyaga ega emasligiga urg‘u berdi.

– O‘zaro yaqin qardoshlik munosabatlarimizdan kelib chiqib, olti millionlik O‘zbekiston kasaba uyushmalari a’zolari rossiyalik hamkasblariga shunday og‘ir damda yelkadosh va hamdard ekanini izhor qilamiz, – dedi o‘z so‘zida Qudratilla Mirsoatovich. – Biz qat’iy ishonamizki, Rossiyaning ulug‘ xalqi bu sinovni ham mardona yengib o‘tadi va zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi yanada jipsroq bo‘lib birlasha oladi.

– Fursatdan foydalanib, – dedi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, – sizlarning e’tiboringizga quyidagi do‘stona taklifimizni ko‘rib chiqish uchun kiritmoqchiman: ushbu terroristik xurujdan aziyat chekkan oilalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bunday oila farzandlaridan 100 nafarini joriy yilning iyun oyida mamlakatimizning eng yaxshi bolalar oromgohlarida dam olishlarini tashkil qilishni taklif qilamiz. Bolalar Toshkent va Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishish imkoniga ham ega bo‘ladilar.

Biz bolalarning borish-kelish va ularning O‘zbekistonda bo‘lishi bilan bog‘liq barcha xarajatlarni o‘z zimmamizga olamiz.

Notiq o‘z so‘zida ikki davlat kasaba uyushmalarining mustahkam aloqalari va hamkorligi eng yirik jamoat tashkilotlari o‘laroq, o‘zaro ikki davlat munosabatlarining rivojida ham muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

O‘zA