Xabaringiz bor, joriy yilning 23-30-aprel kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida xokkey bo‘yicha U18 yosh toifasida II Osiyo va Okeaniya kubogi o‘tkaziladi.

Ushbu chempionatda 10 ta terma jamoa ishtirok etadi va ular beshtadan «A» va «V» guruhga bo‘lingan holda bosh sovrin uchun raqobatlashadi. «A» guruhi uchrashuvlari Toshkentdagi «Humo Arena» majmuasida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston, Tailand, Eron, Malayziya va Quvayt o‘smirlar terma jamoalari kuch sinashadi. «V» guruhidan o‘rin olgan Mo‘g‘uliston, BAA, Hindiston, Makao va Indoneziya o‘smirlar terma jamoalari bahsi Samarqandda o‘tkaziladi. Guruh bosqichi bahslaridan so‘ng poytaxtimizda 9, 7, 5, 3 va 1-o‘rin uchun o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 17-18-mart kunlari Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida o‘tkazilgan I Osiyo va Okeaniya kubogida O‘zbekiston U18 terma jamoasi barcha raqiblarini yengib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA