Navoiy shahridagi Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida belbog‘li kurash bo‘yicha 2008-2009-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning 300 nafarga yaqin yosh polvoni g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Musobaqada o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishidagi 14 ta vaznda, qizlar esa erkin yo‘nalishning 7 ta vazni bo‘yicha bellashdi.

Ikki kun davom etgan shiddatli kurashlar natijasida o‘z vazn toifalarida Shohjahon Rahmatov (Toshkent v.), Xudoyberdi Po‘latov (Buxoro), Abdulatif Nuriddinov (Navoiy), Shohrux Jo‘rayev (Andijon), Asilbek Muhammedov (Farg‘ona), Iskandar Umrzoqov (Namangan), Muvsa Jumamuratov (QQR) kabi sportchilar o‘g‘il bolalar orasida, Parizoda Mansurova (Navoiy), Jasmina Mamurjonova (Farg‘ona), Shodiyona Ismoilova (Andijon)lar esa qizlar o‘rtasida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

G‘olib va sovrindorlar Sport vazirligi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi, Navoiy viloyat hokimligi tomonidan ta’sis etilgan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

T. Ro‘ziyev,

O‘zA muxbiri