Davlatimiz rahbarining joriy yil 20-martda imzolagan “Og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirish, yoshlar orasidan mahoratli sportchilarni saralash tizimini takomillashtirish, og‘ir atletika bo‘yicha zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish hamda milliy terma jamoalarimizning nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

Vatan dovro‘g‘ini doston etadigan professional sportchilarni tayyorlashda xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ilg‘or xorij tajribalarini o‘zlashtirish hamda chet ellik malakali mutaxassislarni jalb etish, innovatsion texnologiyalar va ilmiy-tahliliy yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur vazifalarning to‘laqonli ta’minlanishiga erishish maqsadida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan xalqaro va qit’aviy og‘ir atletika federatsiyalari hamda rivojlangan davlatlar bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xabar berganimizdek, joriy yilning 31-mart-11-aprel kunlari Tailandning Pxuket shahrida og‘ir atletika bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining reyting ochkolarini taqdim etadigan jahon kubogi musobaqalari o‘tkaziladi.

Shu kunlarda mamlakatimiz og‘ir atletikachilari mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etishga hozirlik ko‘rmoqda.

Bugun boshlanayotgan jahon kubogining rasmiy tadbirlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, mamlakatimiz og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrulla Mahmudov Tailandda bir qator xorijiy davlatlarning sport mutasaddilari, Osiyo va xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Kuni kecha Sh. Mahmudov Tailandda Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi bosh kotibi Muhammad Alharbi bilan rasmiy uchrashuv oʻtkazdi. Muloqot davomida ogʻir atletika sport turining qitʼamizdagi rivoji, uning texnik-taktik, sport tibbiyoti, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda 2024-yilgi musobaqalar taqvimi masalalari xususida soʻz yuritildi.

Osiyo Ogʻir atletika federatsiyasi bosh kotibi Muhammad Alharbi ogʻir atletika sport turini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qaror nafaqat Oʻzbekistonda, Osiyo mamlakatlarida ham ushbu sport turining ommalashuviga, mahoratli sportchilarni tayyorlashga beqiyos hissa qoʻshishini taʼkidlab oʻtdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi va Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi tashkil etildi.

Aytish lozim, mazkur memorandum o‘zaro manfaatlarga asoslangan og‘ir atletika sport turidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish va rag‘batlantirishga qaratilmoqda. Bundan tashqari, mazkur hamkorlik yurtimiz og‘ir atletika mutaxassislarining jahondagi mavqeini oshirishga, sportchilarimizning qit’a musobaqalarida, xalqaro o‘quv-mashg‘ulotlarda ilg‘or tajribalardan birinchilardan bo‘lib foydalanishda o‘ziga xos omil yaratishi bilan ham ahamiyatlidir.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA