Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turkumidagi turnirning birinchi kungi bellashuvlarini medalsiz yakunlagan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ikkinchi kungi musobaqalarda ishtirok etishga hozirlanmoqda.
Bugun, 30-mart kungi musobaqalarda mamlakatimizning 6 nafar mahoratli dzyudochisi bahslarga kirishadi.
Kecha Antaliya tatamilarida kechgan shiddatli bellashuvlarda terma jamoamizning 7 nafar a’zosi ishtirok etdi. Ularning birontasi sovrindorlar safidan joy ola bilmadi.
Faqat iste’dodli sportchilarimizdan S.Qadamboyeva va D.Baratov sovrinli o‘rinlarga yaqin kelishdi. -52 kilogramm vaznda kurash olib borgan Sita Qadamboyeva bronza medali uchun kechgan hal qiluvchi kurashda ispaniyalik Ayumi Leyva Sanchesga vazari bahosi bilan imkoniyatni boy berdi va musobaqani kuchli beshlikda yakunladi.
Yana bir dzyudochimiz Dilshodbek Baratov (-60) 7-o‘rin bilan kifoyalandi. Qolgan dzyudochilarimiz saralash bahslaridayoq raqiblariga imkoniyatni boy berishdi.
Mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat turnirning bugungi bellashuvlarida Gulnoza Matniyazova, Shohista Nazarova, Murodjon Yo‘ldoshev, Shahram Ahadov, Nurbek Murtazoyev va Sharofiddin Boltaboyev medallar hamda “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochklari uchun kurash olib borishadi.
Xalqaro turnir ertaga yakunlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA