Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tab, Qurolli Kuchlar zaxirasiga bo‘shatilgan askarlar tantana bilan kuzatildi.
Bir yil davomida umumharbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida ma’nan va jismonan toblangan, musofirchilikda ota-ona va yaqinlari qadrini yanada teranroq his etgan, bir so‘z bilan aytganda, armiyada hayot maktabini o‘tab, anchagina ulg‘ayib qolgan yurtimizning eng sara o‘g‘lonlarining oila bag‘riga qaytish fursati keldi.
Harbiycha hayotga ancha moslashib, harbiy jamoada o‘z o‘rniga ega bo‘lib qolgan yoshlarda bir tomondan, ota-ona, yaqinlari bilan ko‘rishish istagi jo‘sh urayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, harbiy jamoa va uydek bo‘lib qolgan harbiy qism bilan xayrlashish oson emas.
Armiya saflarida toblangan yoshlarni uyga kuzatish tadbiri Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov bilan samimiy suhbatdan boshlandi. Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazining tantanalar zalida bayramona libosda yig‘ilgan muddatli harbiy xizmatchilarga qo‘mondon minnatdorlik bildirib, bu bir yil ular hayotida besamar ketmaganini, shu yerga kelib, ancha ulg‘ayib, dunyoqarashi kengayganini e’tirof etdi. Uylariga eson-omon yetib borib, katta hayotda o‘z o‘rnini topishida muvaffaqiyat tiladi.
Shundan keyin harbiy qismlarda namunali xulqi, muddatli harbiy xizmat davomida alohida e’tiroflarga sazovor bo‘lgan hamda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan yigitlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi tavsiyanomalar tantanali tarzda topshirildi.
So‘zga chiqqanlar har bir yigit kishining burchi bo‘lmish Vatanni qo‘riqlash kabi mas’uliyat hammaga ham nasib etavermasligini, safda turgan o‘g‘lonlar eng sara yigitlar ekanini ta’kidlab, ularga kelgusi hayotda ulkan zafarlar tilashdi.
Muddatli harbiy xizmatchilar, an’anaga muvofiq, safda tantanali marsh yurish bilan harbiy hayot bilan xayrlashdi. Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettirishga istak bildirganlar uchun esa yangi marra va sinovlarga to‘la harbiy hayot boshlandi.
Yigitlar Mudofaa vazirligining buyurtmasiga asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan taqdim etilgan maxsus harbiy eshelon bilan harbiy orkestr sadolari ostida uylariga jo‘nab ketdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari