Nukusda “Yuksalish” umummilliy harakati, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, Notarial palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi hamkorligida “Notariuslardan huquqiy bilimlar” shiori ostida bepul huquqiy aksiya o‘tkazildi.
Tadbirning maqsadi aholining huquqiy ongini, madaniyatini oshirish, aholi bilan o‘zaro aloqalar mexanizmini yaratish, huquqni qo‘llash sohasida amaldagi muammo va kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan fikr va takliflarni tayyorlashdan iboratdir.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizning barcha hududlarida 2020-yildan buyon “Huquqiy maslahatlar kuni” bepul aksiyasi o‘tkazilib kelinmoqda. Tashrif buyuruvchilarga sohada amalga oshiriladigan notarial harakatlar, notarial idoralarda ish yuritish qoidalari va “E-notarius.uz” axborot portali tanishtirildi. Shuningdek, yuqori malakali notarius mutaxassislari tomonidan oila huquqi, mulkiy va nomulkiy huquq hamda majburiyatlar to‘g‘risida va notarial hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida bepul huquqiy maslahat berildi.
– Bunday aksiyalarning o‘tkazilishi aholiga ancha qulaylik yaratadi, – deydi Xo‘jayli tumanidan Zamir Tadjimuratov. – Bu yerga ishonchnomani rasmiylashtirish yuzasidan kelgan edim. Mutaxassislar menga bu bo‘yicha maslahat berdi. Tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari