Xitoy poytaxti Pekinda Osiyo paralimpiya qo‘mitasining yangi tayinlangan Ijroiya kengashining birinchi yig‘ilishida bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, 2025-yili Toshkentda o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.

Osiyo paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid tomonidan ochilgan 33 yig‘ilishda 2024-2027-yillarga mo‘ljallangan Osiyo paralimpiya qo‘mitasining yangi Strategik rejasini ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi. 2025-yili Toshkentda yoshlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlari va boshqa ommaviy sport tadbirlari yangi maqsadlarga erishishning boshlanish nuqtasi bo‘lishi qayd etildi.  Kengash tarkibidan joy olgan turli doimiy komissiyalar va mintaqaviy vakillarning ish faoliyati ko‘rib chiqildi.

Osiyo paralimpiya qo‘mitasining yangi Kengashi tayinlanganidan keyingi birinchi rasmiy yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi bosh kotibi, Osiyo paralimpiya qo‘mitasining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vakili Farrux Ahmedov “Toshkent-2025” o‘smirlar paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning borishi, mintaqada paralimpiya harakatini rivojlantirish borasidagi ishlar, mamlakatimizda «Matonat maktablari»ning jamiyatda tutgan o‘rni xususida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.

Muhokamalar davomida 2023-yil Osiyo paralimpiya oilasi uchun ajoyib yil bo‘lgani, Xanchjoudagi Paraosiyo o‘yinlarining yuqori saviyada tashkil etilgani, qit’aning bir qator davlatlarida jumladan, O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan insonlarni para sport turlariga jalb etish borasida ibratli ishlar olib borilayotgani e’tirof etildi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA