Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Q.Q va N.I. ning bugungi kunda pensiya yoshida ekanligi, lekin ayrim mehnat stajlari hisobga olinmayotgani yuzasidan murojaati tuman adliya bo‘limida o‘rganib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida “Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek, boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega”, deb ko‘rsatilgan.
Ammo shunga qaramasdan ayrim holatlarda pensiya yoshidagi fuqarolarning mehnat stajini to‘la hisobga olmaslik holatlari ham uchrab turadi. Natijada ularga tayinlanadigan pensiya miqdori kam hisoblanib, fuqarolar huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Murojaatni o‘rganish davomida Q.Q.ning 11-yil 8 kun, N.I.ning esa 12-yil 3 oy 15 kun mehnat staji hisobga olinmaganligi aniqlandi va Nukus tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo ariza kiritildi. Ushbu da’vo ariza sud tomonidan ko‘rib chiqilib, fuqaro Q.Q va N.I.larning hisobga olinmagan mehnat stajlarini qayta hisoblash bo‘yicha qaror qabul qilinib, huquqlari tiklandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri