G‘azo avvalgilariga o‘xshamagan Ramazonni urush o‘chog‘ida kutib olishga majbur bo‘ldi. Shuncha qiyinchilikka qaramay, falastinlik bolalar yashab turgan chodir va vayronalarini chiroqlar bilan bezatishdi. Ayni shu pallada Isroil qo‘shinlari Taroveh nomozi uchun Al-Aqsoga kelgan musulmonlar yo‘lini to‘sgan. Ramazondan bir kun oldin Rafoh shahri va Nusayratda qochqinlar qo‘nalg‘asiga hujum uyushtirildi.
Netanyaxu Baydenning ham gapini olmayapti. Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Rafoh “qizil chiziq”ligini tushuntirishiga qaramasdan, Isroil u yerda ham amaliyotni to‘xtatish niyatida emas. Netanyaxu Rafohda XAMAS a’zolari borligini, ularni yo‘q qilmoqchi ekanini bildirgan.
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi oxirgi sutkalarda gumanitar yordam kutish vaqtida 20 kishi vafot etganini aytdi. “Al-Jazeera” xabariga ko‘ra, hujumni Isroil samolyotlari uyushtirgan.
Urush diplomatiyasiga Netanyaxuning rafiqasi Sara Netanyaxu ham aralashdi. “Ynet” nashri keltirishicha, u Qatar Amirining onasi Moza bint Nosir Al-Misnoddan XAMAS tomonidan asirga olinganlarni ozod qilishda yordam so‘ragan.
“Axios” nashri XAMAS o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvda vositachilikni Misr va Qatarga ishonayotganini yozgan. Hujjatda o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olinganlarni ozod etish, G‘azoga gumanitar yordam yetkazish, falastinliklarni uyiga qaytarish va Isroil qo‘shinlarini anklavdan chiqarish aks etgan. 14-mart kuni Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdul Rahmon guruh javobini Isroilga yetkazgan.
Ukrainaga yetkaziladigan harbiy yordam yana kun tartibida. Oq uy Kiyevga favqulodda 300 million dollar ajratmoqchi. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ayishicha, bu miqdor bir necha haftaga yetadi, xolos. Bu orada Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan Floridada ko‘rishgan Tramp, agar prezidentlikka qaytsa, Ukrainaga bir tiyin ham bermasligini ta’kidladi. Sobiq Prezident Yevropani ko‘proq mablag‘ sarflashga chaqirdi.
– Yevropa kam xarajat qilmoqda, – dedi Tramp. – AQSH qancha mablag‘ ajratsa, EI mamlakatlari ham, bir bo‘lib, shuncha sarflashi kerak. Ular bizdan ko‘ra ko‘proq xavf ostida. Yevropa Ukrainaga taxminan 100 milliard dollar kam sarflayapti. Bu Amerikaga, soliq to‘lovchilarimizga nisbatan adolatsizlik.
Ko‘hna qit’adan ham Ukrainani xursand qiladigan xabarlar kelayotgani yo‘q. Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel kelayotgan bir necha oy Kiyev uchun og‘ir kelishini taxmin qildi. “Frans Press” yozishicha, Borrel tahlilchilarga tayanib, yozda Rossiyaning jiddiy hujumi kutilayotganini uqtirgan.
Putin tez-tez takrorlaydigan yadro urushi haqida yana gap ochdi. U jurnalistlarga intervyu berarkan, harbiy-texnik jihatdan RF yadro kuchlari doim shay holatda ekaniga urg‘u berdi.
Zelenskiy ham bir necha davlat rahbarlari bilan muzokarani davom ettirmoqda. Jumladan, o‘tgan hafta Rejep Tayyip Erdog‘an va Fransiya rahbari bilan uchrashuvdan so‘ng, bu hafta Germaniya kansleri Shols bilan muloqat qildi. Zelenskiy unga havo mudofaasidagi yordami uchun minnatdorlik bildirib, oxirgi hujumlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Oxirgi sutkalarda Rossiyaning bir necha viloyatiga hujum davom etmoqda. Mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Ryazanga dron hujumi natijasida neftni qayta ishlash zavodi yonib ketgan. 15-mart kuni Belgorodda hujum tahdidi tufali saylov uchastkasi faoliyati to‘xtatilgan.
Dunyo bo‘ylab nizolar, davlatlar o‘rtasida to‘qnashuvlar kuchaygan pallada qator davlatlarda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. 15-martdan Rossiya Federatsiyasida prezidentlik saylovi boshlandi. Jarayon uch kun davom etadi. AQSH senati Binyamin Netanyaxu 7-oktyabrdan beri vaziyatni to‘g‘ri baholay olmayotgani sababli Isroilda saylov o‘tkazishga chaqirgan.
O‘tayotgan hafta Falastin sarmoya jamg‘armasi raisi Muhammad Mustafo Bosh vazir etib tayinlandi. Endi u Falastinning 19 hukumatini tuzadi.
Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.