“Interfaks” agentligi xabar berishicha, Qirg‘iziston parlamenti – Jo‘qorg‘i Kengesh “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokamasiz, ikki daqiqada qabul qildi. Ushbu hujjat bilan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida qo‘shimcha davlat nazorati va tekshirish joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaning dastlabki matnida fuqarolik majburiyatini bajarishdan bosh tortishni rag‘batlantiradigan notijorat tashkilotni tuzish yoki shunday tuzilma faoliyatida ishtirok etish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan edi. 20-fevral kuni bu qoida loyihadan olib tashlandi.

Mahalliy jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar, shuningdek Qirg‘iziston Oliy sudi va Bosh prokuraturasi mazkur tashabbusga bir necha bor e’tiroz bildirgan.

Qolaversa, mahalliy jurnalistlar “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasi Rossiyaning shunga o‘xshash qonunidan 69,2 foiz ko‘chirilgani haqida yozdi.