AQSHning Nyu-York shahrida BMT Ayollar holati bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik.

Sessiya doirasida Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva nufuzli tashkilotlar rahbarlari, turli davlatlarning yetakchi ayollari bilan muhim uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Navbatdagi uchrashuv BMT Ayollar tuzilmasi direktori Sima Sami Baxus bilan bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va BMT Ayollar tuzilmasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xususan, ushbu tashkilotning mamlakatimizdagi faoliyatini yanada faollashtirish, gender tenglikni ta’minlash sohasidagi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga teng imkoniyatlar yaratish borasida O‘zbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda BMTning tavsiyalari muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi BMT Ayollar tuzilmasining butun dunyoda gender tenglikka erishish va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha 2022–2025-yillarga mo‘ljallangan strategik rejasiga hamohangligiga alohida e’tibor qaratildi.

S.Baxus BMT Ayollar tuzilmasi O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor deb bilishi, mamlakatdagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar hamda BRMni amalga oshirishda faol hamkorlik qilishga tayyor ekanini qayd etdi. Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xotin-qizlarning ishtiroki masalalarida Toshkentning muhim roli e’tiborga olinib, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.

– O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlashda erishgan sezilarli yutuqlarini hisobga olib, mamlakatingizni mintaqa davlatlari orasida gender masalalarini ishlab chiqishda bog‘lovchi rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan ko‘prik sifatida ko‘ramiz, deya ta’kidladi S.Baxus.

Suhbat yakunida O‘zbekiston va BMT Ayollar tuzilmasi bilan amaliy loyihalarni tatbiq etgan holda hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

***

Yana bir uchrashuv Eron Islom Respublikasining Xotin-qizlar va oila masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Ensiyo Xazaliy bilan bo‘lib o‘tdi. 

Ma’lumki, O‘zbekiston va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi aloqalar, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va siyosiy muloqotlar izchil rivojlanib bormoqda.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro tuzilmalar doirasida sherikchilikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Oliy darajadagi, shuningdek, ikki davlat hukumatlari va parlamentlari o‘rtasidagi faol o‘zaro aloqalar mamlakatlarimiz ayollari o‘rtasidagi hamkorlik uchun muhim platforma yaratayotgani alohida qayd etildi.

Ikki tomonlama hamkorlik doirasida xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-ma’rifiy hayotdagi ishtirokini oshirish, jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘shma loyihalar asosida birlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Xususan, ilmiy muassasalar o‘rtasida oila va xotin-qizlar muammolarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilish hamda O‘zbekiston va Eronning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida talaba qizlar uchun almashinuv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.

***

Turkiyaning oila ishlari va ijtimoiy ta’minot bo‘yicha vaziri Maxinur Ozdemir Gyoktash bilan uchrashuvda davlatlarimiz rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli bugun O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlari o‘zaro ishonch asosida rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.

Muloqot chog‘ida gender tenglikni ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan ishlash borasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ayollarga nisbatan va oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida tashkiliy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bilan Turkiya parlamentining Ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish taklifi ilgari surildi.

Konstruktiv va amaliy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish borasida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova, 

O‘zA