Tojikiston bilan EI o‘rtasidagi tovar ayrboshlash hajmi 2023-yil 401,5 million dollarni tashkil etdi, deya xabar bergan respublika iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi.

“Xovar” agentligi yozishicha, savdo, iqtisodiyot, sanoat, investitsiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, raqamlashtirish, texnoparklar tashkil qilish, Rog‘un GESni qurish o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.

Qo‘shma dasturning dastlabki bosqichi 2021-2024-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, EI tomonidan qo‘shni mamlakatga 91 million yevro ajratiladi. Ayni payt loyihalar hayotga joriy qilinmoqda. Yangi loyihalar 2024-2027-yillarda amalga oshiriladi, moliyalashtirish hajmi joriy yil aniqlab olinadi.

Ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi Tojikiston energetika sohasini rivojlantirish uchun 45 million yevro grant ajratishga tayyor. Kelgusida boshqa istiqbolli loyihalar ham rejalashtirilgan.