2024-2025-yillarda BMT Jahon oziq-ovqat dasturi Tojikistonda 15 ming nochor oilani moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu maqsad uchun AQSH xalqaro rivojlanish agentligi taqdim etadigan 7 million dollar yo‘naltiriladi, deb xabar tarqatdi Jahon oziq-ovqat dasturi.

***

AQSH Prezidenti Jo Bayden Jorjiya shtatida praymerizda g‘alaba qozondi. Endi u demokratik partiyadan ikkinchi muddatga ham nomzod ko‘rsata oladi, deb yozgan “The Hill” nashri va CNN telekanali tahlilchilari.

Jorjiyadagi muvaffaqiyat partiyaning yozgi qurultoyida uning nomzodini qo‘llab-quvvatlaydigan delegatlar sonini 1970 taga yetkazdi.

***

Pentagon Tayvan uchun to‘rtta MQ-9B droni buyurtma qildi. Uchuvchisiz parvoz qiladigan mazkur apparatlar 250 million dollarga baholanmoqda, deyilgan davlat xaridlari saytida e’lon qilingan xabarda.

Shartnomani bajarish huquqi “General Atomics Aeronautical Systems Inc” kompaniyasiga tegishli.

***

AQSH Davlat departamenti Polshaga parvoz masofasi uzaytirilgan “AGM-158B-2” raketalari hamda ehtiyot qismlari sotish bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi. Bitim qiymati 1,77 milliard dollarga teng, deyilgan Pentagon tarkibiga kiruvchi xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik agentligi axborotida.

***

Yevropa Komissiyasi Bosniya va Gersegovinani EIga qabul qilish bo‘yicha muzokarani boshlashni tavsiya qildi, dedi Yevrokomissiya vitse-prezidenti Marosh Shefchovich matbuot anjumanida.

Avvalroq Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen shunday taklifni kiritgan edi.

EI davlatlari yetakchilari 2022-yil dekabrda Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammitda Bosniya va Gersegovinaning nomzod maqomini rasman tasdiqlagan.

***

“Asahi” gaztasi yozishicha, AQSH, Yaponiya va Filippin aprelda uch tomonlama sammit o‘tkazishga tayyorlanmoqda. Shu munosabat bilan kun chiqar yurt TIV rahbari Yoko Kamikava 20-mart kuni Filippinda bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, Prezident Ferdinand Markosa ishtirokida kechadigan majlisda Xitoyning dengizda ortib borayotgan faolligini tiyish uchun uch tomonlama formatda hamkorlikni mustahkamlash masalasi muhokama qilinadi.

***

AQSH mudofaa vaziri yordamchisi o‘rinbosari Maykl Xorovis mamlakatda yadro zaryadini eltuvchi giper tovushli raketa yaratilmayotganini tasdiqladi.

– Qo‘shma shtatlarda ishlab chiqilayotgan “yagona giper tovushli qurol, – oddiy qurol, – dedi u Kongress Vakillar palatasida Qurolli kuchlar qo‘mitasi majlisida so‘zga chiqib.

***

Mablag‘ yetishmasligi sababli BMT Sudan va Chad qochqinlariga oziq-ovqat yetkazib berolmaydi, deya bayonot terqatdi Jahon oziq-ovqat dasturi.

Qayj etilishicha, qochqinlarga yordam berish uchun tashkilotga 242 million dollar kerak.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Sudanda mojaro boshlangandan beri Chadga qariyb 560 ming qochqin kirib kelgan. Holbuki, Chad shundoq ham oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq inqirozni boshdan kechirmoqda.

***

Tashqi ishlar vazirligi Iroq tomoni bilan Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning Iroqqa bo‘lajak tashrifini muhokama qilmoqda, dedi Bag‘dodda bo‘lib turgan Turkiya TIV rahbari o‘rinbosari Ahmet Yuldiz. Diplomat aniqlik kiritishicha, Erdog‘an Bag‘dodga aprel oyida borishi mumkin.

Turkiya yetakchisining Iroqqa so‘nggi safari 2012-yil amalga oshirilgan. O‘shanda Erdog‘an Bosh vazir edi.

***

Keniya TIV bayonot berishicha, Gaitiga tinchlikparvar kuchlar jo‘natish rejasi to‘xtatildi. Gaitida siyosiy boshqaruv bo‘lmasa, missiya jo‘natish tartibi ham aniq bo‘lmaydi, dedi mamlakat diplomatiya idorasi bosh kotibi Korira Singoya.

– Keniya BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan xalqaro missiya doirasida Gaitiga  politsiya jo‘natishni rejalashtirgan edi, biroq Bosh vazir iste’fosidan keyin vaziyat tubdan o‘zgardi, – dedi u. – Endi Keniya Gaitida yangi konstitutsiyaviy hukumat tuzilishini kutadi.

***

AQSH razvedkasi fikricha, Xitoy “TikTok” orqali Amerika sayloviga ta’sir o‘tkazishi mumkin.

– Xitoy Kommunistik partiyasi “TikTok”dan foydalanishi mumkinligini e’tibordan chetda qoldirolmaymiz, – dedi AQSH milliy razvedka direktori Evril Xeyns Kongress Vakillar palatasi razvedka qo‘mitasi majlisida so‘zga chiqib.

Federal qidiruv byurosi direktori Kristofer Rey ham mazkur ijtimoiy tarmoqni milliy xavfsizlikka tahdid, degan edi.

S.Rahimov, O‘zA