“Fermer kuni” tashkil etildi

303

Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Agro sanoati – AgroWorld Uzbekistan-2024” xalqaro ko‘rgazmasining ikkinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” tomonidan tashkil etilayotgan ushbu ko‘rgazma 21 mamlakatning vakillarini o‘zida jamladi.

An’anaga ko‘ra, ko‘rgazmaning ikkinchi kunida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ko‘magida “Fermer kuni” tashkil etildi. Unda fermer xo‘jalik vakillari ko‘rgazma jarayoni bilan tanishib, ishtirokchilar bilan muloqot qildi, uchrashuvlar o‘tkazdi.

– Ko‘rgazmaning xalqaro ishtirokchilari haqida to‘xtalganda, unda Rossiya Federatsiyasining Volgograd viloyati milliy stendi namoyishini alohida ta’kidlash mumkin. Bu yerda omuxta yem uskunalari ishtirokchilar e’tiborini tortayotgani va qator muzokaralar olib borilayotgani yanada quvonarli. Xitoy va Germaniyadan omuxta yem zavodlari, silos zavodlari va ularning tizim komponentlari, gumin va fulvik kislotali mahsulotlar taqdim etilayotir. Shuningdek, ko‘rgazmada “Biotexnologiya” (Rossiya), “Kormovit” (Qozog‘iston), “NTP-Sintez” (Belarus Respublikasi), “Nutrimaks” (Gruziya), “Evotek” (Italiya) kabi kompaniyalar ilk marotaba qatnashmoqda, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova.

Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma doirasida mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida qator muzokaralar va kelishuvlar kutilmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA