O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etiladi

586

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024-yil 1-martdan boshlab har olti oyda bir marotaba ijtimoiy xizmatlar sifati hamda individual ijtimoiy xizmatlar rejasi natijalari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi, ijtimoiy xodim, tuman tibbiyot birlashmasining maxsus monitoring guruhi vakili hamda fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan monitoringdan o‘tkazilishi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning oddiy va murakkab harakatlarni amalga oshirish, individual ijtimoiy xizmatlar rejasida belgilangan xizmatlarning mas’ul xodim tomonidan ko‘rsatilgan muddati, natijasi, sifati, samaradorligi, bexatarligi baholanib, monitoring ma’lumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritib boriladi.

Qaror bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni e’tirof etish, individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejasini tasdiqlash va monitoring qilish hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi reglament tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra:

o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ularni kuzatuvchi shaxslarga davlat sport tadbirlariga, teatrlarga va muzeylarga kirish bepul etib belgilanadi;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yoki yolg‘iz yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yo‘llanmalariga asosan davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida tashkil etilgan sport to‘garaklarida bepul shug‘ullanadi;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning yashash joyida dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari tomonidan bepul amalga oshiriladi;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ularning uyida maishiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim assistentlariga byudjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yo‘l haqi uchun kompensatsiya to‘lanadi;

ijtimoiy xodim assistentlariga o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ko‘rsatilgan hamrohlik xizmatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya to‘lanadi;

oilaviy shifokorning o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning muhtojlik darajasi va yashash sharoitlarini baholovchi ishchi guruh tarkibidagi hamda tuman tibbiyot birlashmasi xodimining multidissiplinar guruhdagi faoliyati ularning ish yuklamasiga kiritiladi.

2024-yil 1-maydan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini autsorsing asosida jalb etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Eksperiment doirasida:

tadbirkorlik subyektlari eng yaxshi takliflarni tanlash orqali jalb etiladi;

xizmatlarning narxi Toshkent shahrining boshqa tumanlarida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun belgilangan xarajatlar smetasidan kelib chiqib shakllantiriladi;

autsorsing shartnomasi Agentlikning Toshkent shahar boshqarmasi va tadbirkorlik subyekta o‘rtasida tuziladi;

autsorsing asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar mazkur xizmatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar ro‘yxati amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tegishli tuman “Inson” markazi tomonidan shakllantiriladi;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga doir talablar autsorsing shartnomasiga ilova qilinadi;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan autsorsing shartnomasi talablariga rioya etilishi Agentlik duzuridagi Ijtimoiy inspeksiya tomonidan nazorat qilinadi.

 

O‘zA