Xalqimiz bugungi islohotlardan qanchalik xabardor? Aholining o‘zgarish va yangilanishlardan xabardorligi yurt taraqqiyotiga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi?
Ona Vatanimizning rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishi uchun ildam qadamlar tashlanayotgan, Uchinchi Renessansning poydevorini yaratish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish oliy maqsad qilingan bir davrda bu savollar xususida har birimiz o‘ylaymiz, albatta.
To‘g‘ri, bugun xalqimizning ong-tafakkuri butunlay o‘zgargan. Shu bilan birga ular, avvalo, hayotda o‘zi bahramand bo‘layotgan, o‘zining manfaatlarini ifoda etadigan jarayonlarga ko‘proq qiziqadi, ishonadi va qo‘llab-quvvatlaydi.
Masalan, u mamlakatda bir yilda qancha kilometr yo‘l asfaltlangani, buning uchun qancha mablag‘ ajratilganini bilmaydi. Ammo to esini taniganidan buyon o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib yotgan ko‘chasi asfalt qilinganidan shod bo‘ladi. Kechasi ham yog‘du sochib, yo‘llarini yoritib turgan tungi yoritgichlarga qarab, bir paytlar fonar ko‘tarib to‘y-ma’rakalardan qaytganini eslaydi. To‘g‘ri u “kambag‘allikni qisqartirish”, “ijtimoiy himoya” kabi tushunchalarni unchalik tahlil qilmaydi, ammo, muhtoj insonlarning eshigini taqillatib muammolari o‘rganilayotgani, yillar davomida ustidan chakki o‘tib yashayotgan qo‘shnisining tomi yopib berilgani, bir ehtiyojmand oila farzandining o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt pulini to‘lashga yordam ko‘rsatilgani, kecha bazo‘r kun ko‘rib yurgan yana bir yaqini bugun tadbirkor bo‘lib daromad topayotganini va shunga o‘xshagan ko‘plab misollarni biladi.
U bir yilda davlat tomonidan qancha uy-joy qurilgani, bunga byudjetdan qancha mablag‘ sarflanganini bilmasligi mumkin. Ammo mahallasidagi ota-onasidan ayrilgan bir yosh oilaga uy berilganidan mamnun bo‘ladi. U davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning parametrlari to‘g‘risida bilmas. Lekin oldinlar yiliga ko‘chasidan ikki yoki uch bitiruvchi o‘qishga kirgan bo‘lsa, bugun yoshlarning deyarli yarmi mamlakatning turli shaharlarida, hattoki xorijda o‘qiyotganidan g‘ururlanadi. Bu kabi ishlarni odamlar bir-biriga aytib ham yuradi, mahallada duv-duv gap ham bo‘lib ketadi. Demak, aholi islohotlardan xabardor.
Lekin bilishi kerak bo‘lgan yana boshqa muhim masalalar ham bor. Qoraqalpog‘istonda mahallalar, o‘quv muassasalari idora va tashkilotlarda umuman odamlar orasida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazar ekanmiz, ana shunday xulosaga keldim. Aytaylik, hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmayotgani, bu ishlar uchun davlat qanchadan-qancha mablag‘ sarflayotgani, farmonlar, qarorlar, dasturlar, loyihalar, xalqaro hamkorlik, tinchlik-totuvlik, millatlararo do‘stlik, shukronalik… Xullas odamlarga aytadigan gapimiz hali anchagina.
Prezidentimiz raisligida 2023-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan tuzilgan targ‘ibot guruhlari a’zolari – ziyolilar, deputatlar, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar, bir so‘z bilan aytganda, faollar aholining barcha qatlamlari bilan muloqot qilib, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Ba’zida bugungi odamlar yengil-yelpi, oldi-qochdi gaplarga ko‘proq qiziqadi deb o‘ylaymiz. Ammo aslida hamma ham unday emas. Yurt taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan jiddiy masalalar haqidagi axborotlarni butun vujudi bilan eshitadigan, hatto o‘zgarishlar, yangilanishlar, ko‘rsatkichlar, raqamlar tilga olinganida mamnun bo‘ladigan yurtdoshlarimizni ko‘rib sevinamiz.
Prezidentimiz tomonidan aynan Qoraqalpog‘iston uchun keyingi yillarda ketma-ket qabul qilingan qator farmon va qarorlar asosida qanday ishlar amalga oshirildi? Albatta, buni ochib berish uchun bir maqola yoki bir ma’ruza yetmaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganishlar o‘tkazilib, sharoiti og‘ir oilalar toifalangan holda aniqlandi. Ovul va mahallalar infratuzilmasi o‘rganildi. Aniqroq aytganda, barcha ovul va qishloqlardagi aholi turar joylari hamda ichki yo‘llar holati bo‘yicha o‘tkazilgan xatlovda og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli 21 ming 94 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlash hamda 709 ta yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uy-joyni yangidan qurish belgilandi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri, Bo‘zatov, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Nukus, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Chimboy, Shumanay tumanlariga biriktirildi. Viloyatlar tomonidan bugun mazkur tumanlarda katta bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Biriktirilmagan Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlaridagi 2 ming kilometr tuproq yo‘llarga qum-shag‘al yotqizilmoqda.
Bundan tashqari, 43 ming 432 ta hujjatsiz, noqonuniy qurilgan uy–joy aniqlanib, ular joylashgan yer uchastkasiga ijara huquqi, bino va inshootlarga mulk huquqi e’tirof etilgan holda hujjatlashtirib berilmoqda.
2022-2023 o‘quv yili uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlagan 500 nafar, keyingi o‘quv yillari uchun esa har yili 1-sentyabrga qadar 6 ming 500 nafar yoshning viloyatlardagi davlat oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilinishini ta’minlash belgilandi. 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab esa bu miqdor yana oshirildi. Ya’ni davlat granti asosida 3 ming, to‘lov-shartnoma asosida 6 ming 500 nafar yosh qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga kirishga muyassar bo‘ldi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlariga berilgan 500 million so‘m mablag‘ hisobidan mahallalarga quyosh panellari, yangi transformatorlar, ko‘chalarga svetoforlar, tungi yoritgichlar o‘rnatilgani kabi ishlar xalqimiz turmush sharoitini yanada yaxshilagan bo‘lsa, yangi mahalla binolari qurilgani va ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlangani mahalla faoliyatining samaradorligi oshishiga xizmat qilayotganini bugun aholi e’tirof etmoqda.
Hozir hujjatsiz qurilgan uy-joylarga mulk huquqi berilganidan o‘z mehnati bilan uy qurib, ammo yillar davomida xavotir bilan yashab kelgan insonlarning mamnuniyati cheksiz. Ana shunday xonadonlar orasida Taxiatosh tumanidan ham 140 dan ziyod oila bor. “Oydin yo‘l” mahallasi 12-uyda yashovchi Kalembay O‘razbayev, “Yangi makon” ovuli 67-uyda yashovchi Aralbay Ayimbetov hamda Naymanko‘l ovuli Kamalak ko‘chasi 4-uyda istiqomat qiluvchi Bazarbay Artiqov taxiatoshliklar nomidan Prezidentimizga minnatdorchilik bildirib, uzoq vaqtdan buyon halovat bermay kelayotgan muammosiga yechim topilganidan mamnun ekanliklarini ta’kidlashdi.
– Necha yillardan buyon ko‘chaboshilik qilaman. Odamlarning to‘y-ma’rakasi, oilalardagi muammoli vaziyatlar, yoshlar tarbiyasi, elda tinchlik va xotirjamlikni saqlash, xullas, beminnat xizmatdamiz. Kecha-yu kunduz tinim bilmasamda, bu mehnatim uchun biror narsa ta’ma qilmaganman. O‘tgan yili Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha ko‘chaboshlariga 3 million so‘mdan berilib, rag‘batlantirildi. Birinchi marta ko‘chaboshilarga ana shunday e’tibor qaratildi. Ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi, – deydi To‘rtko‘l tumani Oqboshli qishlog‘idan ko‘chaboshi Quranboy Eshnazarov.
– Men bu yil Nukus shahridagi 46- sonli ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabini tugatib, Jahon iqtisodi va diplomatiyasi universitetining yurisprudensiya mutaxassisligiga o‘qishga kirish uchun test imtihonlarini topshirgan edim, – deydi nukuslik To‘maris Otepbergenova. – Test yakuniga ko‘ra esa o‘qishga kirish imkoniyatini beradigan yetarli miqdordagi o‘tish balini to‘play olmadim. Biroq Prezidentimizning qoraqalpog‘istonlik yoshlarga ko‘rsatgan otalarcha g‘amxo‘rligi sababli, mening orzum ro‘yobga chiqib, qo‘shimcha berilgan grant asosida mazkur universitetga o‘qishga kirishga muyassar bo‘ldim. Buning uchun davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdorman.
Islohotlar samarasi xalq ularni qanchalik tushunayotgani, ishonayotgani va qo‘llab-quvvatlayotganiga bevosita bog‘liq ekanligini bilamiz. Ko‘rib turganimizdek, o‘zgarishlar sezilarli, xalqimizning mamnuniyati cheksiz. Biz esa bugun odamlar bilan shu farovon hayot ortida turgan omillar, islohotlar, qonunlar, farmonlar, qarorlar, mablag‘lar, aytish joizki, mashaqqatlar haqida muloqot qilyapmiz. Zero, hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Shuni tushungan insongina bugungi farovonlik, tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetadi. Bizning targ‘ibot tadbirlaridan ko‘zlagan maqsadimiz ham aynan shundan iboratdir.
Nazira Matyaqubova,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
O‘zA