Mamlakatimizda bo‘lib turgan Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan sanoat-qurilish Korpusi (SSQK) komissari o‘rinbosari Lyu Sinszyan rahbarligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev qabulida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha muloqot olib borildi.
Tadbirda davlatimiz rahbari hamda Xitoy Xalq Respublikasi yetakchisi tashabbusi bilan o‘tkazilgan O‘zbekiston-Xitoy mintaqalararo forumi yangi loyihalar ustida hamkorlik qilishga yangicha yo‘l ochgani, bunda ikki davlat rahbarlarining hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi yuqori istiqbolli va foydali samaradorlikka asoslangan ezgu g‘oyalari, uzoqni ko‘zlab imzolangan kelishuvlari asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda bu boradagi hamkorlikni davom ettirish, Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan farmon hamda qarorlarning mazmun-mohiyati, ularda berilgan imtiyozlar asosida yangi, yirik investitsion loyihalar muhokama etildi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonning mavjud imkoniyatlaridan foydalanib, sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish, bu borada yangi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va boshqa ahamiyatli masalalar to‘g‘risida so‘z yurtildi.
Shu kunning o‘zida Nukusda “O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish istiqbollari” forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda tegishli soha rahbarlari, mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.
Forumda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, Qoraqalpog‘istonda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha berilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. Tadbir doirasida Orolbo‘yining investitsion jozibadorligi, yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar, resurslar istiqboli va boshqa ahamiyatli yo‘nalishlar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
O‘z navbatida, mehmonlar mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda ikki tomonlama foydali va manfaatli loyihalar ustida hamkorlik qilish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri