Tailandning Bangkok shahrida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi(IKA) prezidenti Xaydar Farmon Xalqaro sport tashkilotlari birlashmasi (AIMS) prezidenti Stefan Foks bilan kurashning rivoji masalasida muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda kelgusi yil aprel oyida Buyuk Britaniyaning Birmingem shahrida o‘tadigan navbatdagi SportAccord konvensiyalarida ishtirok etish, kurashning AIMSga a’zo bo‘lishi borasidagi texnik jihatlar va talablar muhokama qilindi.

Muloqot davomida AIMS rahbari, Havaskor taybokschilar xalqaro federatsiyasi bosh kotibi, SportAccord vitse-prezidenti Stefan Foks Xalqaro kurash assotsiatsiyasining AIMSga a’zo bo‘lish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, 2009-yili tashkil etilgan AIMS 23 ta xalqaro sport tashkilotlarining ittifoqi sanaladi. O‘tgan davrda ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan sambo, lakross, kikboksing, tay-boks Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olingan sport turlari safidan joy olgan.

T.Ro‘ziyev, O‘zA