“Women in Tech” O‘zbekistonda ish boshlaydi
Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida 2024-yil 2-mart kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ochilish marosimi zamonaviy kasblar orqali xotin-qizlar salohiyatini ochib berishga qaratilgan “Women in Tech” tuzilmasining mamlakatimizda rejalashtirgan loyihalari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Tadbirda maxsus mehmon – kompaniya asoschisi, xotin-qizlar imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha xalqaro ekspert Ayumi Mur Aoki ham ishtirok etadi. Qayd etish kerak, u dunyodagi Top-100 yetakchi ayollar ro‘yxatiga kirgan.
Shu kuni yurtimizdagi ayollar va qizlar uchun mazkur sohada yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot beriladi, Maslahatchilar kengashi a’zolari bilan texnologiya yo‘nalishidagi muammolar, jumladan gender masalasi muhokama qilinadi. Mamlakatimizdagi yetakchi texnologiya kompaniyalari muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida tanilgan insonlar bilan suhbatlashish, o‘zaro fikr almashish imkoni yaratiladi.
Dasturdan madaniy chiqishlar ham o‘rin olgan. Inter faol shaklda kechadigan mazkur marosim savol-javob tarzida yakunlanadi. Eng yaxshi savol egasi taqdirlanadi.
O‘zA