Nukusda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik nazorati va unda NNTlarning o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘linmasi rahbari Q.Karimxodjayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi bo‘limi katta prokurori R.Jalg‘asbayev, “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati T.Romanov so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilinayotgan farmonlar va hukumat qarorlarining ahamiyatiga, ushbu illatning har qanday turdagi ko‘rinishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga to‘xtaldi.
Buning uchun esa, jamoatchilik nazoratini olib borishda alohida o‘rin egallaydigan nodavlat notijorat tashkilotlari rolini yanada kuchaytirish, joylarda korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi ishlarni kompleksli o‘rganish, shuningdek, unga qarshi har bir inson murosasiz kurashish zarurligi qayd etildi. Har qanday korrupsiyaviy jinoyatga, shu jumladan, oldi-berdi va vositachilik qilish uchun ham jinoiy jazo muqarrar ekanligiga hayotiy misollar keltirildi.
Tadbir ishtirokchilariga korrupsiyaviy holatlar aks etgan videorolik namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri