Tadbirkorlarga xarajat va majburiyatlar yuklatadigan byurokratik tartib-taomillar bekor qilindi

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuni kecha qabul qilindi.
Ma’lumki, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi qonun xususiy tadbirkorlik faoliyatini himoya qilishning huquqiy mexanizmlari va kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Qonun bilan Soliq kodeksiga, “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida” va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunga muvofiq, Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishga asosan endilikda soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi berildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar soliq organining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqi faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganidan keyin mumkin edi. Ushbu norma tadbirkorlarning ortiqcha vaqt yo‘qotishiga, byurokratik to‘siqlarga uchrashiga va sarson-sargardon bo‘lishiga olib kelgan.
Endilikda qonun bilan soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qarorda o‘ziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish tartibi ko‘rsatilishi belgilandi.
Qonunda “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida” va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilib, unga ko‘ra, tadbirkorlarga ustav fondini shakllantirishga oid yengilliklar belgilandi. Chunki tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan ularning ustav fondi (ustav kapitali)ni kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqda e’lon berish talabi mavjud. Bu tadbirkorlarga nisbatan turli qiyinchiliklarni ortiqcha sarf-xarajatlarni vujudga keltirgan.
Yangi qonun bilan ushbu norma bekor qilinib, endilikda tadbirkorlik sub’ekti tomonidan ustav fondi (ustav kapitali)ni kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e’lon berish amaliyoti bekor qilindi.
Qonun tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlaydi. Ularning zimmasidagi ortiqcha xarajatlar va majburiyatlar yuklatadigan ayrim byurokratik tartib-taomillarga chek qo‘ydi.
N.Abduraimova, O‘zA