Amerika Qo‘shma Shtatlari muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning o‘limi va Ukrainadagi ikki yildan buyon davom etayotgan amaliyotga javob tariqasida Rossiyaga qarshi yangi sanksiya e’lon qilmoqchi. Bayden jurnalistlar bilan uchrashuvda ushbu chora to‘g‘risida juma kuni to‘liqroq ma’lumot berishini aytgan.
Oq uyning Milliy xavfsizlik bo‘yicha ma’sullari fikriga ko‘ra, yangi cheklov Rossiya mudofaa va sanoat bazalari hamda boshqa daromad manbalariga qaratilgan.
Marhum siyosatchining onasi dafn etish uchun o‘g‘lini qaytarib berishlarini so‘ragan. Rasmiylar 47 yoshli Navalniyning koloniyadagi o‘limi sababi noma’lumligi, dastlabki tergov harakati davom etayotgani sababli ikki hafta uning jasadini oilasiga bermaslikka qaror qilgan.
Rossiya – Ukraina nizosi boshlangandan beri AQSH va ittifoqchilar RFni ihotalash maqsadida qator choralar ko‘rib kelmoqda. Jumladan, Markaziy bank mablag‘ini muzlatish, ayrim rus mahsulotlarini taqiqlash, yana bir necha bankni “SWIFT” tizimidan uzib qo‘yish, neft va dizel yonilg‘isi narxiga cheklov joriy etish va hokazo.
Ma’lum bo‘lishicha, AQSH moliya vazirining terrorizm va moliyaviy razvedka bo‘yicha o‘rinbosari Brayan Nelson Germaniya, Belgiya va Fransiyaga tashrifi chog‘ida Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarga ham cheklov o‘rnatish masalasini ko‘targan.