Salohiyatli kadrlar zaxirasidagi nomzodlar mas’ul lavozimlarga tayinlanmoqda

Davlatimiz rahbari ko‘rsatmasi asosida tuzilgan Salohiyatli kadrlar zaxirasidagi nomzodlarni mas’ul lavozimlarga tayinlash jarayonlari boshlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatini isloh qilish yo‘nalishida o‘tkazgan majlisida bundan buyon rahbarlik lavozimlariga nomzodlar mahallada odamlar bilan ishlagan, ularning muammosini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, hal qilgan kadrlar orasidan tanlab olinishini qayd etgan.
Ushbu ko‘rsatma ijrosini ta’minlash maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollaridan iborat ming nafar nomzod Salohiyatli kadrlar zaxirasiga tanlov asosida saralab olingan.
O‘tgan davr mobaynida nomzodlar uchun masofaviy malaka oshirish kursi tashkil etildi, ularning 859 nafari kursni muvaffaqiyatli yakunladi.
Shuningdek, nomzodlar uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalarida ikki haftalik stajirovka tashkil etildi.
Eng yaxshi natija ko‘rsatgan 247 nafar nomzod viloyat hokimi o‘rinbosari, tuman (shahar) hokimlariga bir oy davomida shogirdlik (dublyorlik) qildi. 30 nafardan ortiq nomzod Rossiya, Xitoy va Fransiya davlatlarida malaka oshirib qaytdi.
Joriy yilning yanvar oyida esa rezervga kiritilgan 90 nafar hokim yordamchilari Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil oldi.
Bugungi kunga kelib, zaxiradagi 12 nafar nomzod viloyat va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlarning rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, 7 nafar nomzod tuman (shahar) hokimi va o‘rinbosari lavozimlariga tayinlandi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, quyini ko‘rgan, xalq bilan muloqot qilishning sabog‘ini olgan kadrlar davlat tizimidagi nufuzli lavozimlarga nomzod bo‘lmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA