O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15 fevral kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif dasturida ko‘zda tutilgan manzillar va rejalar ko‘p. Birinchisi “Asaka tekstil” klasterining to‘qimachilik korxonasi bo‘ldi.
Bu ulkan majmua iqtisodiy kontrastning yorqin misoli. 2016 yilgacha bu yer tashlandiq joy edi. Davlatimiz rahbari tadbirkorlarga bergan ruh va madad natijasida bu yerda bosqichma-bosqich yangi binolar qurilib, 2022 yil avgustda ishga tushirildi. Bugungi kunda 83 million dollarlik loyiha evaziga xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq «zanjir» tashkil etilgan.
Xususan, klaster tizimida Andijon viloyatining Ulug‘nor va Jalaquduq tumanlari hamda Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida 11 ming 200 gektar maydonda paxta yetishtiriladi. Shundan 2 700 gektarda tomchilab sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan.
Asakadagi korxonaga Shveysariya, Italiya, Turkiya, Germaniya, Yaponiyadan uskunalar keltirib o‘rnatilgan. U yiliga 11 ming tonna ip-kalava, 8 ming tonna momiq va trikotaj mato, 12 ming tonna ip va matoni bo‘yash, 6 ming tonna tayyor trikotaj va sochiq ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 3 ming 200 kishi ishlamoqda.
Korxonada xorijiy hamkorlar talabiga asosan sifat nazorati, kasb o‘rgatish markazi tashkil etilgan. Bo‘yoq sexidan chiqqan suvni tozalash inshooti ham ishga tushirilgan.
Umuman, klaster tomonidan 102 million dollarlik loyihalar amalga oshirilib, yillik 50 million dollarlik eksport quvvati yaratilgan. Bundan yetti yil oldingi holat bilan solishtirganda daromad, iqtisodiy manfaatdorlikdagi farq yer bilan osmoncha.
Kelgusi yillarda klaster tomonidan Ulug‘nor tumanida 70 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash zavodi, tikuv-trikotaj va paypoq ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Ularda yana 1 ming 600 dan ziyod ish o‘rni ochiladi.
Shu yerda Andijon viloyati misolida paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha axborot berildi. Qayd etilganidek, ishlab chiqarish tannarxi 15 foizga qisqartiriladi, 65 foiz qo‘shilgan qiymat yaratiladi. Dizayner va texnologlar maktabi tashkil etiladi. Nufuzli brendlar va riteylerlar jalb etilib, tarmoq korxonalari eksporti 800 million dollarga yetkaziladi.
Davlatimiz rahbari klaster bilan fermerlar o‘rtasidagi munosabatlarda manfaatdorlikni oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
– Qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini rivojlantirayapmiz. Maqsadimiz – yerga nisbatan e’tiborni, mahsulot yetishtiruvchilar manfaatini kuchaytirish. Sohaning quyi bo‘g‘ini bo‘lgan dehqon va fermerlar ham raqobatbardosh bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident korxonada ishlayotgan tikuvchi ayollar bilan suhbatlashdi. Ularning ayrimlari o‘z tumanida yuqori maoshli ish paydo bo‘lgani uchun mehnat muhojirligidan qaytib kelgan.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Andijon tumanidagi “Andijon sanoat xabi”dagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
105 gektar maydonni egallagan ushbu sanoat hududida mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari kabi tarmoqlardagi 12 ta loyiha joylashgan. Ulardan biri – “Avto Spring Komponents” mas’uliyati cheklangan jamiyati. Umumiy qiymati qariyb 60 million AQSH dollari bo‘lgan bu korxona yiliga 18 ming tonna po‘lat detallar ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Ma’lumki, quyma detallar sanoatning asosi hisoblanadi. Ularni ishlab chiqarish yuksak malaka va texnologiyalar talab etadi. Xususan, ilgari mamlakatimizning avtomobilsozlik va mashinasozlik tarmoqlarida bunday qismlar importi katta o‘rin tutardi. Ularning mahalliylashtirilishi endi tannarxni kamaytirib, raqobatbardoshlikni oshiradi.
Korxonada Xitoy va Germaniya davlatlari texnologiyalari asosida po‘lat qismlar tayyorlash loyihasi boshlangan. Metall quyuv qismi AQSH, mexanik ishlov berish qismi Xitoy kompaniyalari tomonidan loyihalashtirilgan. O‘tgan yili 4 turdagi qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilgan.
Bu loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, 140 ta ish o‘rni yaratilgan. Shu yilning may oyida avtomobillar uchun quyma qismlar tayyorlanadigan ikkinchi bosqich ishga tushiriladi.
Bu noyob korxona bir vaqtning o‘zida 12 tonna metall eritish imkoniyatiga ega. Yana bir samarali tomoni, xomashyolar Asaka tumanidagi avtomobil zavodining temir chiqindilaridan olinib, qayta ishlanadi.
Majmua to‘liq quvvatga chiqqanda, yiliga 27 million dollarlik mahsulotlar mahalliylashtiriladi. Prezidentimizga mahalliylashtiriladigan mahsulotlar haqida axborot berildi. Bunda tannarxni kamaytirish va “yashil” texnologiyalarni qo‘llashga katta e’tibor qaratiladi.
Joriy yilda umumiy qiymati 156 million dollarlik 10 ta loyiha ishga tushirilib, 2 ming kishining bandligi ta’minlanadi. 2025 yilda umumiy qiymati 14 million dollarlik 2 ta loyihani amalga oshirib, yana 400 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari “Andijon sanoat xabi”da viloyatda ishlab chiqarilayotgan mebellar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Andijon viloyatida 377 ta mebelsozlik korxonasi faoliyat yuritmoqda. So‘nggi 5 yil davomida mazkur yo‘nalishda 35 million dollarlik 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 3 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Mebel ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 15 barobarga ortgan.
Mebelsozlar uchun soliq, bojxona to‘lovlari bo‘yicha qator imtiyozlar joriy etilgani, eksportdagi xarajatlar hamda xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ish haqining qisman qoplab berilishi soha vakillariga katta rag‘bat bo‘lmoqda.
Bugungi kunda yiliga 300 milliard so‘mlik mahsulotlar tayyorlanib, mintaqa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Prezidentimiz korxonalar ta’sischilari bilan suhbatlashdi.
– O‘tgan yillardagi eng katta yutuqlardan biri tadbirkorlarimizda ong o‘zgardi, ishonch ortdi. Bugun ular raqobatbardosh bo‘lib, dunyoga chiqyapti. Bular ham faoliyatini oddiy ishdan, mahalladan boshlagan. Boshqalar ham shunday qilsa bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Andijon viloyatida 41 ta mahalla mebelsozlikka ixtisoslashgan. Masalan, Oltinko‘l tumanidagi Ijtimoyat mahallasida 490 ta xonadonda mebel tayyorlash kooperatsiya usulida yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, yakka tartibda ro‘yxatdan o‘tgan va o‘zini o‘zi band qilgan hunarmandlar ham ko‘p. Minglab yoshlar “Ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganmoqda.
Shu bois mebelchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Andijon va Oltinko‘l tumanlarida bunga ixtisoslashgan 2 ta sanoat zonasi tashkil etilmoqda.
Ushbu tajriba asosida viloyatdagi 909 ta mahallaning imkoniyatlarini o‘rganib, serdaromad yo‘nalishlarga ixtisoslashtirish choralari muhokama qilindi. Buning uchun davlat tomonidan infratuzilma yaratilib, moddiy-tashkiliy jihatdan ko‘mak beriladi. Maqsad – Andijon viloyatini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishga intilish.
Prezident Andijon viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilganidek, xitoylik investorlar bilan hamkorlikda jami 1,7 milliard dollarlik 26 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Ular energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va infratuzilma kabi muhim sohalarni o‘z ichiga oladi.
Masalan, mini gidroelektrostansiyalar, uy-joy va ko‘ngilochar maskanlar qurish, elektrobuslar va ular uchun akkumulyatorlar, keramogranit va beton panellar, dori vositalari ishlab chiqarish, gilos va rezavor mevalar yetishtirish kabi loyihalar ko‘plab ish o‘rinlari, iqtisodiy samaradorligi bilan xalqimizga katta manfaat keltiradi.
Davlatimiz rahbari xitoylik investorlar bilan suhbatlashdi. Ular O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik yuksak darajaga chiqqani, mamlakatimizdagi ulkan imkoniyatlar ishbilarmonlarga ishonch berayotganini ta’kidlashdi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Marhamat tumanidagi shaxmat maktabi va kutubxonada bo‘ldi.
Yurtimiz oldindan salohiyatli shaxmat maktabiga ega. Bugun ham bolalar o‘rtasida “aql gimnastikasi”ga qiziqish katta. Ularning bu ishtiyoqini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida Marhamat tumanida ham majmua bunyod etildi. Erkin Vohidov nomidagi ushbu maktabda o‘quvchilar darsdan bo‘sh vaqtlarida aql mashqidan saboq oladi. Ularning mahoratini oshirish uchun tajribali murabbiylar jalb qilingan. O‘quv-mashg‘ulot xonalari va musobaqa zali mavjud. Kompyuterlashgan ilg‘or dasturlar yoshlarga manzur bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari bu yerda saboq olayotgan o‘g‘il-qizlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlab, ezgu tilaklar bildirdi. Bu muassasani boshqa shaxmat maktablari bilan bog‘lab, tajriba almashib borish muhimligini ta’kidladi.
Ushbu maktabga tutash Yoshlar kutubxonasi ham qurilgan. U keng va shinam, bir vaqtda 150 dan ortiq kitobxon mutolaa qilishi mumkin. Kutubxona 30 ming nusxadan ziyod adabiyotga ega, qator axborot markazlari tarmog‘iga ulangan. Shular bois yoshlarning sevimli maskaniga, intellektual o‘yinlar, ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari o‘tkaziladigan qaynoq dargohga aylangan.
Prezident shu yerda andijonlik yoshlar bilan muloqot qildi.
– Biz iqtisodiyotimizni rivojlantirib, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish, ish joylarini ko‘paytirishga harakat qilayapmiz. Andijonda ham katta rejalarimiz bor. Bunda avvalo sizlarga tayanamiz. Har bir bilimli yosh – Vatan himoyachisi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’lim tizimidagi yangiliklar, yosh avlodga yaratilayotgan sharoitlar, ilmiy-ijtimoiy loyihalar haqida so‘z bordi. Prezident yoshlar bilan yangi tashabbuslar yuzasidan fikrlashdi. Shuningdek, ularning takliflarini qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari Andijon shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatini ham ko‘zdan kechirdi.
Mazkur muassasa o‘tgan yili 50 milliard so‘m davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qurilgan. U 504 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 5-11-sinflarda aniq va tabiiy fanlarni chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan. Maktabga o‘quvchilar viloyatning barcha shahar va tumanlaridan imtihon asosida olinadi.
Maktab-internatda 60 dan ortiq o‘quv va kompyuter xonalari, chet tili sinflari, laboratoriya mavjud. Shuningdek, 222 o‘rinli yotoqxona, oshxona, sport zali zamonaviy jihozlangan.
Prezidentimiz shu yerda o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Maktabning yuqori sinflari bilan oliygoh dasturlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlash, bir-birini takrorlaydigan darslarga yoshlarning vaqtini ketkazmasdan, ko‘proq amaliyotga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Umuman, maktablarga ta’lim, tarbiya va ma’naviyat bo‘yicha yangi muhit olib kirish kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Andijon shahrida bunyod etilayotgan Universal sport majmuasini borib ko‘rdi.
Hozirda to‘rt ming tomoshabinga mo‘ljallangan yopiq zal qurilgan. Unda bir nechta sport turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Jumladan, joriy yil kuzda futzal bo‘yicha jahon chempionatining ayrim o‘yinlari shu yerda o‘tkaziladi.
Yirik majmuada basseyn, kafe, restoran ham bo‘ladi. Mashhur sportchilarning mahorat maktablari uchun ham sharoit yaratiladi. Mashg‘ulotlar sport federatsiyalari va oliy ta’lim maskanlari bilan bog‘langan holda olib boriladi.
Majmuani samarali ekspluatatsiya qilish, zamonaviy boshqaruvni joriy etish lozimligi aytildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi markaziy qozonxonani borib ko‘rdi.
U yaqinda imtiyozli xorijiy kredit evaziga rekonstruksiya qilinib, Xitoyda ishlab chiqarilgan 3 ta energiya tejamkor qozonlar o‘rnatilgan. 28 kilometr issiqlik quvurlari yotqizilib, 373 dona individual issiqlik punktlari tashkil etilgan. Shuningdek, 2 ming kilovatt quvvatli transformator o‘rnatilib, yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i tortilgan.
Natijada shahardagi 271 ta ko‘p qavatli uy va 30 ta ijtimoiy ob’ekt markazlashgan issiq suv va issiqlik ta’minotiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, bir yilda 16 million metr kub tabiiy gaz, 2 million kilovattdan ziyod elektr energiyasi tejab qolinadi.
Shu yerda 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan navbatdagi loyihalar haqida axborot berildi. Unga ko‘ra, Andijon shahridagi yana 5 ta qozonxonani rekonstruksiya qilish, 33 kilometr issiqlik tarmoqlarini qurish va 114 ta ko‘p qavatli uyning ichki isitish tizimlarini yangilash rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu loyihalarni jadallashtirib, aholini barqaror issiqlik bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV, Ikrom AVVALBOEV,
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA muxbirlari