Bugun, 14 fevral kuni futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasining nimchorak final uchrashuvlari boshlanadi. Ahamiyatlisi shundaki, bugungi bahslarning biri Qarshi shahrida o‘tkaziladi. Unda “Nasaf” jamoasi BAAning “Al-Ayn” klubiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da “Markaziy” stadionda bo‘lib o‘tadi.
Uchrashuvni Adham Muhammad Tumah Mahadmeh (Iordaniya) bosh hakam sifatida boshqaradi. Unga hamyurtlari Muhammad Mustafo Hassan Al Kalaf va Ahmad Moannes Nadi Alroalle yordam bersa, Mohanad Qosim Eeseye Sarray (Iroq) zaxira hakam deya belgilandi. VAR bo‘yicha Abdulla Ali Al Marri (Qatar), AVARda esa Muhammad Ahmad Muhammad (Qatar) faoliyat ko‘rsatadi. O‘yin nazoratchisi sifatida Kvon Jong Chul (Koreya Respublikasi), komissar esa Ali Jebril (Falastin) ishlaydi.
Afsuski, “Nasaf”ning 6 nafar futbolchisi: Sherzod Nasrullayev, Zafarmurod Abdurahmatov, Alibek Davronov, Zoran Marushich, Umid Ergashev va Islom Kenjaboyev turli sabablarga ko‘ra bu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.
Endi esa, kuni kecha Yevropa chempionlar ligasida qayd etilgan natijalar bilan tanishtirib o‘tamiz. Yevropa Chempionlar ligasi nimchorak finalidan o‘rin olgan “Leypsig” – “Real” bahsi 0:1 hisobida yakunlandi. O‘yindagi yagona golga Braim Dias 48-daqiqada mualliflik qildi.
Shuningdek, mazkur musobaqaning ikkinchi uchrashuvida “Kopengagen” va “Manchester Siti” klublari o‘rtasida shiddatli bahs bo‘lib o‘tdi. Unda “Manchester Siti” 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Manchester klubi safida De Bryuyne, Bernardu hamda Foden raqib darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, raqib jamoadan Magnus Mattsson gol urdi.
Endi ushbu jamoalar 7 mart kuni javob o‘yinida o‘zaro kuch sinashadi.
14 fevraldan 15 fevralga o‘tar kechasi Yevropa chempionlar ligasining 1/8 final bosqichi doirasida “PSJ” – “Real Sosedad” , “Latsio” – “Bavariya” klublari bahsiga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA