Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarini ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga tijorat banklari tomonidan ikki tomonlama tuzilgan shartnomaga asosan kredit mablag‘lari ajratilmoqda. Lekin tuzilgan kredit shartnoma shartlarini o‘z vaqtida bajarmayotgan jismoniy va yuridik shaxslar ham uchrayotgan bo‘lib, ularning kredit qarzdorligini undirish majburiy ijro byurosi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Masalan, Majburiy ijro byurosi Ellikqal’a tuman bo‘limi ish yurituvida, fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2023 yil 26 iyundagi qaroriga asosan, “Qudrat san’at” fermer xo‘jaligidan Aksiyadorlik tijorat “Xalq bank” Ellikqal’a filiali foydasiga 4 milliard 247 million so‘m undirish belgilangan. Qarzdorga ushbu ijro hujjati ijrosini ta’minlashga 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan va qarzdorga tegishli bo‘lgan Ellikqal’a tumani “Tozabog‘” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan, qiymati 2,5 milliard so‘mlik chorva fermasi Majburiy ijro byurosi Ellikqal’a tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan tegishli tartibda xatlovga olindi.
Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli xatlangan ko‘chmas mulk elektron onlayn auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarildi. Auksion savdosida sotuvga chiqarilgan chorva fermasiga xaridor bo‘lmaganligi sababli ushbu mulk qarzdorlik evaziga Aksiyadorlik tijorat “Xalq bank” Ellikqal’a filiali balansiga o‘tkazib berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.