Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv sho‘’basi va Shumanay tuman bo‘limi tomonidan qasddan aliment to‘lamay, yashirinib yurgan qarzdorlarni topish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Joriy yilning yanvar oyida olib borilgan qidiruv tadbirlari davomida o‘z farzandini moddiy ta’minlashdan qochib yurgan ota ushlandi. Fuqarolik ishlari buyicha Chimboy tumanlararo sudining 2018 yildagi qaroriga asosan, undiruvchi B.K.ning tarbiyasidagi bir nafar voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun qarzdor R.M.ning har oy topgan jami daromadidan ½ qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati Byuroning Shumanay tuman bo‘limi ish yurituviga olingan va ijro harakatlariga kirishilgan.

Olib borilgan ijro harakatlari davomida bo‘lim xodimlari tomonidan qarzdorga aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida tushuntirish va ogohlantirishga qaramasdan, qarzdor ota voyaga yetmagan farzandi uchun aliment pullarini qasddan to‘lamay, qochib yurganligi sababli qarzdor R.M.ga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qarzdor R.M. joriy yilning 29-yanvar kuni topildi va shu kunning o‘zida 20,5 million so‘m aliment puli undirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.