Shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani hokimi boshchiligidagi hokim yordamchilaridan iborat ishchi guruh Toshkent viloyatida bo‘lib turibdi.
Nurafshon shahrida ishchi guruh a’zolari va mas’ul rahbarlar ishtirokida suhbat o‘tkazildi. Unda Toshkent viloyatida 2024 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar haqida so‘z bordi. Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Abdurasul Abdullayev hudud tadbirkorlariga Mo‘ynoq tumanida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Mo‘ynoq tumani hokimi Baxtiyar Menglibekov tumanda tadbirkorlarga yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar xususida atroflicha ma’lumot berdi.
Prezidentimizning 2022 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida bergan topshirig‘iga asosan Toshkent viloyati hokimligiga Mo‘ynoq tumanini har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yordam berish vazifasi yuklatilgan edi.
Shundan kelib chiqib, o‘tgan davrda mo‘ynoqliklarning turmush sharoitini yaxshilash, yashash farovonligini oshirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumiy qiymati 20,96 milliard so‘m bo‘lgan qator ijobiy ishlar bajarildi. Qiymati 75,5 milliard so‘mlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi natijasida tumanda 7 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, 318 nafar kishining bandligi ta’minlandi.
Mo‘ynoq tumani hokimi yordamchilariga Nurafshon shahridagi IT-park faoliyati tanishtirildi hamda Toshkent viloyatida axborot texnologiyalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida taqdimot namoyish etildi.
Mehmonlar Angren shahrida ham bo‘ldi. Bu yerda mehmonlar “Ecoton sharq” avtoklav gazobeton blok ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur korxonaning loyiha qiymati 12,2 million dollarni tashkil qiladi. Quvvati esa yiliga 300 ming kub metr mahsulot ishlab chiqaradi. Hokim yordamchilari bu yerdagi ish jarayonini ko‘zdan kechirib, xarajat va foydasi, aholi bandligini ta’minlashdagi o‘rni va eksport talabi kabi masalalarga qiziqdi.
Shaharning Xakkarman va Yangi Jigariston mahallalarida issiqxona sharoitida qulupnay yetishtirayotgan tadbirkor Begzod Madismanovning faoliyati ko‘zdan kechirildi. Bu tadbirkor davlatdan 33 million so‘m imtiyozli kredit olib, qisqa davr mobaynida o‘z daromadiga ega bo‘lgan. U bor yo‘g‘i 2 oy ichida o‘zi yetishtirgan mahsulotdan 40 million so‘m daromad topishga erishgan. Hokim yordamchilari angrenlik tadbirkordan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Mo‘ynoqda ham qulupnaychilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda esa Mo‘ynoq tumanini “Ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi. Unga ko‘ra, joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda umumiy qiymati 67,7 milliard so‘m bo‘lgan bir qator ishlar amalga oshiriladi. Xususan, 13,6 milliard so‘mlik 9 ta ijtimoiy soha ob’ekti quriladi, borlari esa ta’mirlanib, jihozlash ishlari amalga oshiriladi. Natijada tumanda 423 nafar aholining bandligi ta’minlanadi hamda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 107,2 foizga yetkaziladi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri