Xotin-qizlar faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan amaliy choralar belgilanadi

Joriy yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan amaliy choralar belgilangan.
Xotin-qizlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlashga ko‘maklashish hamda ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida loyiha muhokama etilib, yuqorida qayd etilgan masalalar dolzarbligi alohida ta’kidlandi.
Qo‘mita raisi Maliqa Qodirxonova mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq hamda imkoniyatlarini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosati izchillik bilan amalga oshirilayotganini e’tirof etdi. Loyihada o‘z aksini topgan vazifalar mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir.
Shu bilan birga, dasturda o‘z aksini topayotgan vazifalarni amalga oshirishda davlat hokimiyati organlari hamda jamoat tashkilotlarining faolligini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Muhokamalar jarayonida qo‘mitaning vazifalaridan kelib chiqib, loyihaga kiritish nazarda tutilgan qator takliflar bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA