Keyingi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Buning natijasi o‘laroq, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi sheriklikni yanada mustahkamlash, samarali kelishuvlarga erishish maqsadida Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Bugun mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Belarus qishloq xo‘jaligi va oziq ovqat vaziri Sergey Bartosh boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida o‘zaro yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari turini ko‘paytirish, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik va veterinariya, qishloq xo‘jaligi fanlari sohasida hamkorlikni rivojlantirishning yangi bosqichlari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida mehmonlar Toshkent davlat agrar universitetida ham bo‘lib, dastlab doktorantlar, ilmiy xodimlar hamda iqtidorli talabalar ishlanmalari, kashfiyotlari aks etgan ko‘rgazma bilan tanishdi.
Universitet ilmiy xodimlari tomonidan yaratilgan limon, buta mevasi (golubika), yejevikaning yangi navlari hosildorligi, yuqori sifati hamda eksportbopligi xususida hamkorlarimiz bilan fikr almashildi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini mikrobiologik tahlil qilish laboratoriyasi faoliyati, talabalarning amaliy dars jarayonida mevadan sharbat ajratib olish va mevani quritish usullari Belarus vakillarida jiddiy qiziqish uyg‘otdi.
Jumladan, tajriba sinov laboratoriyasi hamda Zooinjeneriya fakultetida maxsus chip o‘rnatilgan asalari uyasining o‘ziga xosligi, doimiy kuzatib borish, haroratni muntazam nazorat qilish orqali asalarini sovuqdan asrash imkonini beruvchi innovatsion yechim delegatsiya a’zolari e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
M.PIRMATOVA, O‘zA muxbiri