Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mutasaddilari joylarda tadbirkorlik sub’ektlarida bo‘lib, ularga “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi imkoniyatlarini amaliy misollarda tushuntirish ishlarini amalga oshirmoqda.
Bojxonachilar “korxonabay” ishlash tizimi yo‘nalishida Xo‘jayli tumanida joylashgan “Karbalt-Rutoil” mas’uliyati cheklangan jamiyatda bo‘lishdi. Bundan ikki yil oldin tovarlarni bojxona rejimida qayta ishlash bo‘yicha yangi tartib joriy qilingan edi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulay sharoit yaratilib, qayta ishlash operatsiyalari ro‘yxati kengaytirildi.
Korxona 2022 yilda qayta tashkil etilgan, neft va neft mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va yiliga 36 ming tonna xomashyoni qayta ishlash quvvatiga ega. Korxonada bugungi kunda 40 nafar mahalliy aholi vakili doimiy ish bilan ta’minlangan. 2023 yil davomida ushbu tadbirkorlik sub’ekti tomonidan Eron va Turkmaniston Respublikasidan 85 ming AQSH dollari qiymatidagi 380 tonna neft mahsuloti chiqindisi va sovutuvchi suyuqlik kabi xomashyo importi amalga oshirilgan.
So‘nggi paytlarda korxona “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi imkoniyatlaridan ham samarali foydalanmoqda. Korxona 2023 yilda ilk marotaba chet eldan olib kirilgan xomashyoni qayta ishlab, Afg‘onistonga 36 ming AQSH dollari qiymatidagi 49,3 tonna avtomobil yoqilg‘isi eksportini amalga oshirgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri