Internetdagi zararli axborotlardan bolalarni himoya qilish bo‘yicha aniq normalar joriy etiladi

593

Bu Davlat dasturiga senatorlar tashabbusi bilan kiritilgan va bu normaning amalda ishlashi farzandlarimiz ma’naviy va jismoniy xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Joriy yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasida 7,5 ming nafarga yaqin yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, 100 ta volontyorlik loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirish, 300 ming nafarining bandligini ta’minlash masalalari o‘rin olgan.

Shuningdek, 10 million nafar aholini yugurish, futbol, voleybol, tennis, shaxmat va suzish kabi sport turlariga jalb qilish, razryadli va unvonli sportchilar sonini 30 mingga yetkazish, mahallalarda 400 ta sport maydonchasini barpo qilish, olimpiya sport turlari bo‘yicha 450 ta sport seksiyasini tashkil etish nazarda tutilgan.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasidagi muhim va ustuvor vazifalar muhokama etildi.

Madaniyat yo‘nalishida mahallalarda umummilliy birdamlik bog‘larini bosqichma-bosqich tashkil etish, turkiy tilli davlatlar yosh ijodkorlari anjumanini o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat teatrlari tomonidan namoyish etiladigan spektakllarga 3,6 million tomoshabin jalb qilish, joylarda o‘tkaziladigan sirk tomoshalari sonini 550 taga oshirish hamda Nukus shahri va viloyatlar markazida joylashgan madaniyat va istirohat bog‘larida bittadan zamonaviy yozgi kinoteatr va book-kafe faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

“Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasini joriy etish, “Bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirish orqali 15 ming nafar iqtidorli yoshlarni nufuzli xalqaro kompaniyalar talablariga mos dasturlar asosida tayyorlash ham ko‘zda tutilgan.

Loyihada mazkur qo‘mita tomonidan ilgari surilgan “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtiriladigan zararli axborotlardan bolalarni himoya qilish bo‘yicha aniq normalar kiritish taklifi ham o‘rin olgan. Bu bo‘yicha qo‘mita a’zolari ekspertlar bilan birgalikda chuqur tahlillar o‘tkazishi lozimligi aytib o‘tildi.

Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan Davlat dasturi loyihasi yuzasidan ayrim takliflar ilgari surildi.

N.Abduraimova, O‘zA