Xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalari kengaytirildi
Shu yil 5 fevral kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning vakolatlarini kengaytirish, ularning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega hujjat bo‘ldi.
Mazkur farmonga ko‘ra, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi.
Ma’lumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratildi. Endilikda mazkur farmon bilan ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va hududning infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilmoqda.
Bunda ushbu yo‘nalishlardagi muhim masalalarni hal etishda hudud aholisining fikri inobatga olinadi. Jamiyat manfaatlariga bevosita daxl qiluvchi masalalarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mas’ulligi yanada oshadi. Shu bilan birga, hokimliklarning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi tashabbuskorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Farmonda belgilangan tartiblarga ko‘ra, mahalliy Kengashlar o‘z faoliyatini davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Xususan, endilikda mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuklatilgan va Kengashlar faoliyatiga xos bo‘lmagan vazifalar ijrosi bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mas’ul hisoblanadi.
Qayd etish joizki, mazkur farmonda ko‘zda tutilgan yangiliklar xalq deputatlari mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirishga, deputatlarning tashabbuskorligini oshirishga, ularning faqatgina o‘z saylovchilari va tegishli hudud manfaatini ko‘zlagan holda ish olib borishiga zamin bo‘ladi. Hududdagi muayyan muammolarni hal etishda turli to‘siqlarga uchramasligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdorlarining qosh-qovog‘iga qarab ish tutmasligiga zamin bo‘ladi.
Zero, mahalliy Kengashlar deputatlari xalqqa eng yaqin bo‘lgan, shu hududda qanday masala va muammolar borligidan, aholini qiynayotgan, o‘ylantirayotgan muammolar ildizidan voqif bo‘lgan vakil hisoblanadi. Ularga yanada keng vakolatlar berilishi, shubhasiz, deputatlarning chin ma’noda xalq vakili sifatida ish olib borishiga zamin bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA