Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida taekvondo WT bo‘yicha 11-marotaba o‘tkazilgan “Fujayra Open” turnirida O‘zbekiston terma jamoasi 6 oltin, 1 kumush va 3 bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
“G2” tasnifidagi mazkur musobaqaning -74 kg vazn toifasida hal qiluvchi final bellashuvida hamyurtlarimiz Ulug‘bek Rashitov va Najmiddin Qosimxo‘jayev o‘zaro raqobatlashdi. Keskin va murosasiz o‘tgan bahsda U.Rashitovning qo‘li baland keldi va oltin medal sohibi bo‘ldi. N.Qosimxo‘jayev esa kumush medalga ega chiqdi.
Shuningdek, musobaqa davomida Jahongir Xudoyberdiyev (-54 kg), Diyorbek To‘xliboyev (-68 kg), Jasurbek Jaysunov (-80 kg), Ozoda Sobirjonova (-67 kg) va Iroda Mirtojiyeva (+73 kg) o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini taslim etgan holda terma jamoamiz hisobiga oltin medalni keltirdi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Mavlonbek To‘xtasinboyev (-80 kg), Nikita Rafalovich (+87 kg) va Feruza Sodiqova (-67 kg) bronza medali bilan taqdirlandi.
Shu tariqa, milliy terma jamoamiz xalqaro turnirni 6 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza, jami 10 ta medal bilan yakunladi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bugunga qadar mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi bu kabi natijaga erishmagan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri