Mamlakatimizda davlat hokimiyatini xalqqa yanada yaqinlashtirish, xalq hokimiyatchiligi asoslarini kuchaytirish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratildi.
Aholining joylardagi dolzarb muammolarini hal etish uchun chinakam “xalq ovozi” bo‘lmish mahalliy Kengashlarga keng vakolatlar berildi, mahalliy Kengashlarga hokim emas, balki deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi belgilab qo‘yildi.
Kuni kecha qabul qilingan Farmon – mahalliy darajada davlat hokimiyatini transformatsiya qilishga, tom ma’noda xalqchil tizimni joriy etishga qaratilgan muhim siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Farmon bilan O‘zbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida birinchi marotaba mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model – “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berildi.
Birinchidan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda ushbu hududda istiqomat qilayotgan aholining fikrini inobatga olish, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va hududning infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilmoqda. Jumladan:
1) Ta’lim sohasida:
tegishli hududda davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish bo‘yicha qaror aynan mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilinadi.
Endilikda, hududdagi ehtiyojni har tomonlama o‘rgangan holda, qaysi hududda, mahallada yangi maktab yoki bog‘cha tashkil etish kerak, qaysi birini kengaytirish, qaysisini tugatish kerakligini aholi irodasining ko‘zgusi bo‘lmish xalq vakillari hal etadi.
2) Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida:
atmosfera havosini ifloslantiruvchi yoki unga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi korxona va inshootlar quriladigan joylar, chiqindilar ko‘mib tashlanadigan joylar xalq vakillari roziligi bilan belgilanadi.
Mahalliy ahamiyatga molik bo‘lgan kurort tabiiy hududlar, rekreatsiya zonalari, botanika va dendrologiya bog‘lari, tabiat bog‘lari ham faqatgina Kengashlar roziligi bilan tashkil etiladi yoki tugatiladi.
Ya’ni, bu boradagi qarorlar tegishli hudud aholisi tomonidan saylangan deputatlar fikrini inobatga olgan holda, kollegial tartibda qabul qilinadi.
Mazkur islohot, shubhasiz, umummilliy boyligimiz bo‘lmish tabiiy resurslarni asrashga xizmat qiladi.
3) Shaharsozlik va transport sohasida:
shahar yo‘lovchilar transportida yo‘lovchi va bagaj tashish tariflari mahalliy Kengashlar tomonidan belgilanadi. Fuqarolarning alohida toifalari uchun imtiyozli tariflar Kengash qarori bilan joriy etiladi.
Shuningdek, shahar yo‘lovchi transportida yo‘nalishlarni tashkil etish, yangi yo‘nalishlar ochish, bekatlar, to‘xtab turish va dispetcherlik manzillarini joylashtirish yerlari mahalliy Kengash bilan kelishilishi lozimligi belgilanmoqda.
Transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi ob’ektlariga, tabiiy ob’ektlarga nom berish hamda ularning nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar bevosita mahalliy Kengashlar tomonidan kiritiladi.
Bundan tashqari, ayrim toifadagi shaharsozlik faoliyati ob’ektlarini mahalliy ahamiyatga molik ob’ektlar sirasiga kiritish ham mahalliy Kengashlar qarori bilan amalga oshiriladi.
4) Hudud infratuzilmasini rivojlantirish sohasida:
aholi punktlarining hududiy zonalari toifalariga mahalliy sharoitlardan kelib chiqib o‘zgartirish kiritish, ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun tariflarni tasdiqlash kabilar ham Kengashlar tomonidan amalga oshirilishi uzil-kesil hal etilmoqda.
Ta’kidlash joiz, bu kabi vakolatlarning egasi etib mahalliy Kengashlarning belgilanishi jamiyat hayoti uchun muhim bo‘lgan masalalarni aholi fikrini inobatga olgan holda xalq vakillari tomonidan hal qilish imkonini beradi.
Ikkinchidan, yillar davomida mahalliy Kengashlar zimmasiga yuklanib kelingan qator vakolat va funksiyalar tizimlashtirilmoqda.
Xususan, mahalliy Kengashlarga mahalliy hokimliklar, hududdagi davlat organlari va tashkilotlari hisobotlarini eshitishda mazmunan yaqin sohalarda o‘zaro takrorlanuvchi vazifalar yuklanganligi sababli ularni qayta ko‘rib chiqish, maqbullashtirish hamda tizimlashtirish zarurati mavjud edi.
Kengashlarning qonunchilikdagi vakolatlari tizimlashtirilmagani natijasida, mahalliy Kengashlar hokimliklar va qator davlat idoralarining u yoki bu sohaga oid hisobot va axborotlarini yiliga qariyb yuzdan ortiq marotaba eshitishi lozim edi. Bu esa, mahalliy Kengashlarning ish yuklamasini sun’iy ravishda oshirib, muhim vakolatlarini esa nomigagina amalga oshirishiga sabab bo‘layotgan edi.
Shu bilan birga ichki ishlar organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari, ularning tarmoq bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek, mahallalardagi profilaktika inspektorlari ham mahalliy Kengashlarga alohida-alohida hisobot berar edi.
Shu sababli, Farmon bilan Kengashlarning hisobot va axborot eshitishga oid ayrim vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, ular sohalar bo‘yicha tizimlashtirildi.
Farmon bilan Kengashlar oldida tegishli hududda faqatgina hokim, shuningdek, hududiy davlat organlarining birinchi rahbarlari hisobdorligi belgilanishi kelgusida ushbu rahbarlarning Kengash oldida ham siyosiy, ham professional mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Uchinchidan, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida qonunchilik hujjatlaridagi 100 dan ortiq vakolatlarni mahalliy Kengash va ijroiya hokimiyati o‘rtasida aniq taqsimlash yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida 2024 yilgi saylov yakunlari bo‘yicha, dastlab viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida, so‘ngra 2026 yildan e’tiboran tuman (shahar) Kengashlarida Kengash raislari va hokimlar alohida-alohida faoliyat yuritishi belgilandi.
Shu sababli, amaldagi qonunchilik bilan bugunga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan umumiy vazifa va funksiyalarning mahalliy vakillik organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq taqsimlanishi belgilanmoqda.
Shunga ko‘ra, Farmon bilan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va manfaatdor vazirlik va idoralarga Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli qonunchilikdagi vakolatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Takliflarni ishlab chiqishda – jamiyat manfaatlariga bevosita daxl qiluvchi masalalarni hal etishga xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mas’ul ekanligi bilan birga, hokimliklarning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi tashabbuskorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
To‘rtinchidan, Kengashlarning o‘z faoliyatini davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda amalga oshirishi kafolatlanmoqda.
Xususan, endilikda:
mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanishi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi;
kelgusida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda tegishli vazifalarni mahalliy vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq belgilab borish;
amaldagi qonunchilikdagi mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuklatilgan va Kengashlar faoliyatiga xos bo‘lmagan vazifalar ijrosi bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mas’ul ekanligi belgilanmoqda.
Ushbu yangiliklar, shubhasiz, mahalliy Kengashlarning faoliyatini faqatgina o‘z saylovchilari va tegishli hudud manfaatini ko‘zlagan holda amalga oshirishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Beshinchidan, Kengashlar samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar va moddiy-texnika bilan ta’minlanadi.
Xususan, Farmonga muvofiq xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlarini alohida-alohida bino bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi. Bunda:
birinchi bosqichda (2024 yilning 1 oktyabriga qadar) – viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarini, ikkinchi bosqichda (2025 yil 1 dekabrga qadar) – tuman va shahar Kengashlarini bino va inshootlar bilan ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘riladi.
Buning uchun, Kengashlar joylashgan bino-inshootlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi, xorijiy amaliyotni inobatga olgan holda, mahalliy Kengashlar binolariga va ularni jihozlashga doir minimal talablar ishlab chiqiladi.
Farmonda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi Kengashlarni joylardagi aholi manfaatlarini himoya qilish, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga imkon qadar tezroq yechim topish, viloyat, tuman va shahar hokimining mahalliy Kengashlar oldidagi hisobdorligi, mas’uliyati va javobgarligini oshirishga, mahalliy davlat hokimiyati darajasida bir-birini tiyib turuvchi mexanizmlar samarali ishlashiga xizmat qiladi.