Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida 2023-2024 yilgi kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, qishning qirovli kunlarida yuzaga keladigan avariya holatlarini vaqtida bartaraf etish, aholini uzluksiz ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlash, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish maqsadida 2023 yilning 1 noyabridan boshlab kecha-yu kunduz faoliyat yurituvchi shtab tashkil etilgan.
Bu yerda o‘rnatilgan 4 ta telefon raqamiga kelib tushgan murojaatlar mutaxassislar tomonidan qabul qilib olinadi va tegishli tashkilotlarga yetkaziladi. Mazkur muammoning ijrosi shtab tomonidan nazorat qilib boriladi.
Masalan, Qo‘ng‘irot tumanidagi “Qangli” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p qavatli turarjoyda elektr ta’minotidan uzilish yuzaga keldi. Ushbu uyda istiqomat qiluvchi Dilbar Daniyarova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi maxsus shtabga murojaat qildi. Uning murojaati tuman elektr tarmoqlari korxonasiga yetkazildi. Nosozlik yuz bergan hududga korxonadan navbatchi brigada jo‘natildi. Mutaxassislar ob-havoning sovuq bo‘lishiga qaramasdan, o‘zlarining bor mahoratini ishga solib, topshiriqni tez va sifatli bajarishga erishdi. Natijada turarjoyda elektr ta’minoti tiklandi.
– Kuz-qish oylarida shtabning tashkil etilgani aholi uchun ancha qulaylik yaratadi, – deydi Nukus shahri “Ko‘k zak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p qavatli turarjoylarning birida istiqomat qiluvchi G‘azineli Sultanova. – Xonadonimizdagi gaz plitasida avariya holati yuzaga kelganligi tufayli shtabga qo‘ng‘iroq qildim. Shahar gaz ta’minoti korxonasidan mutaxassislar yetib keldi va muammoni tez bartaraf etdi. Buning uchun soha xodimlariga minnatdorchilik bildiraman.
– Kuz-qish shtabiga bugungi kunga qadar 577 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 576 tasi vaqtida ijobiy hal qilindi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i, shtab kotibi Kamal Avezov. – Shtabga 20 ta mutasaddi tashkilotdan mutaxassislar jalb qilingan. Har kuni kelib tushgan murojaatlar tegishli tashkilotlarga yetkazilib, ijrosi nazorat qilinmoqda. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati hudud gaz, ichimlik suv ta’minoti, elektr energiyasi, obodonlashtirish, transport xizmati va boshqa sohalarga tegishli muammolardan iborat.
Shtabning tashkil etilishi aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal va boshqa xizmatlarning sifatini oshirishga, joylarda yuz berayotgan har qanday muammolarni vaqtida sifatli bartaraf etishga, eng asosiysi, aholining bugungi kundan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, shu tarzdagi shtablar shahar va tumanlarda ham tashkil etilib, 24/7 soat rejimida faoliyat olib bormoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat,video),
O‘zA muxbirlari