Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 4 fevral – Jahon saratonga qarshi kurash kuni oldidan Saraton kasalliklarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik (IARC) tomonidan tayyorlangan muhim hisobotni e’lon qildi.

Mazkur hujjatda 2050 yilgacha dunyo bo‘ylab saraton kasalligi bilan bog‘liq 35 milliondan ortiq yangi holat qayd etilishi kutilayotgani, bu hozirgidan 77 foiz ko‘p ekani ta’kidlangan. Aholi qarishi, tamaki, alkogol iste’moli, semizlik va havo ifloslanishi darajasi tez o‘sishi taxmin qilinayotgani salbiy holatning asosiy omili sifatida baholanyapti.

JSST Saratonni nazorat qilish bo‘limi rahbari doktor Freddi Brey so‘zlariga ko‘ra, inson taraqqiyoti indeksi turli darajaga ega  mamlakatlarda saraton ko‘payishi tendensiyasi notekis manzara kasb etgan. Ya’ni, ushbu xastalikka qarshi kurashish uchun eng kam resursga ega davlatlar global yukni ko‘tarishiga to‘g‘ri kelmoqda.

JSST 115 mamlakatda o‘tkazgan so‘rov aksariyat yurtlarda saratonni davolash uchun zarur asosiy xizmat uchun yetarli mablag‘ yo‘qligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari turli aholi guruhlarining kasallikni sifatli davolashdan foydalanishida tengsizlik yaqqol namoyon.

2022 yil yer yuzi bo‘ylab uch xil – o‘pka, ko‘krak va kolorektal, ya’ni yo‘g‘on ichak yoki to‘g‘ri ichak saratoni eng ko‘p tarqalgani ma’lum.

O‘pka saratoni butun dunyo bo‘ylab ushbu ofat tufayli yuz beradigan o‘lim holatining asosiy sababi bo‘lib, 1,8 million yoki umumiy miqdorning 18,7 foizini tashkil etmoqda. Kolorektal 9,3, jigar 7,8, ko‘krak 6,9 va oshqozon saratoni 6,8 foiz o‘limga olib kelgan.

JSST ekspertlari fikricha, o‘pka saratoni kuchli tarqalishi, ehtimol, Osiyoda tamaki mahsulotlari doimiy ravishda va ommaviy iste’mol qilinishi bilan bog‘liq.

O‘zA