Yashil qoplamalar barpo etilmoqda
Ayni kunlarda Orol dengizining qurigan tubiga keng ko‘lamda yashil qoplamalar barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Chimboy, Qorao‘zak, Taxtako‘pir tumanlari davlat o‘rmon xo‘jaliklari xodimlari “Aqpetkey” massivida saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklar urug‘ini yig‘ish va ekish ishlarini boshlab yubordi.
Joriy yilda Orol dengizining suvi qurigan hududida 200 ming gektar maydonda cho‘lga chidamli o‘simliklar ekiladi. Shundan 140 ming gektariga samolyot yordamida, 50 ming gektariga texnika yordamida urug‘dan va 10 ming gektariga ko‘chatdan ekish rejalashtirilgan.
Gimnastika markazi qurilmoqda
Nukus shahridagi “Temir yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazining qurilishi boshlandi.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning sog‘lom fikrli, jismoniy chiniqqan, barkamol avlod bo‘lib kamolga yetishiga, ayniqsa, ular orasidan yurtimiz sharafini dunyoga tanitadigan sportchilarning chiqishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi inshoot qurilishining boshlanishi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning amaliy ko‘rinishi hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 23 dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida birinchi bosqichda Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy moddiy-texnika va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlarini tashkil etish belgilangan.
Qurilish ishlariga 75 milliard 315 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, markaz foydalanishga topshirilgandan keyin gimnastika sport turlarini rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi.
Qishloq maktabiga IT uskunalari topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining “Qishloqni barqaror rivojlantirish” dasturi doirasida To‘rtko‘l tumani “Otayurt” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 9-sonli umumta’lim maktabiga 122 million so‘mlik IT uskunalari topshirildi.
“Infratuzilmani boshqarish sohasida muhandislik xizmatlari va salohiyatini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan olingan zamonaviy kompyuterlar jamlanmasi, interaktiv doska hamda qo‘shimcha qurilmalaridan iborat IT uskunalari endilikda maktab o‘quvchilarining informatika fani hamda IT sohasi bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri