Germaniyaning Kotbus shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tgan “International Jump Meeting Cottbus” turnirida sportchimizning muvaffaqiyatli ishtiroki tufayli O‘zbekiston bayrog‘i yuksaldi.
Terma jamoamiz a’zosi Safina Sa’dullayeva mazkur xalqaro turnirda sovrindor bo‘ldi.
Dunyoning 30 ga yaqin davlatidan mahoratli yengil atletikachilar ishtirok etgan yopiq inshootlarda o‘tgan musobaqaning balandlikka sakrash dasturida qatnashgan hamyurtimiz 1.86 metr bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi. Turnirda litvalik Eyrin Palsayt ham Sa’dullayevaning ko‘rsatkichini qayd etgan holda 3-o‘rindan joy oldi.
Mazkur musobaqada ukrainalik Yaroslava Maguchix 2.04 metr natijaga erishib, oltin medal sohibiga aylangan bo‘lsa, 1.94 metrli marrani zabt etgan mezbonlar vakilasi Imke Onnan kumush medalli bo‘ldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA