Tehron va Islomobod o‘zaro diplomatik munosabatni to‘liq tikladi. Bir-birining hududiga raketa hujumi bilan almashish natijasida yuzaga kelgan ziddiyat, taranglik bartaraf etilib, elchilar joyiga qaytarildi, deb xabar berdi “Kazinform”.
16 yanvarda Eron Pokistonning Balujiston viloyati tomon raketa uchirib, uchuvchisiz uchoqdan qator hujumlar uyushtirdi. Tehron ayni amaliyot terrorchilarga qarshi qaratilganini bildirdi.
Pokiston bu harakatni qoralab, 18 yanvar kuni Eron janubi-sharqidagi Siston va Balujiston viloyati chegarasidagi qishloqqa raketa hujumi bilan javob qaytardi.
Pokiston Tehrondagi elchisini chaqirib oldi va Eron elchisi Islomobodga qaytishiga ruxsat etilmasligini ma’lum qildi. G‘azo sektoridagi Isroil va XAMAS ziddiyati tufayli Yaqin Sharqda keskinlik kuchaygani asnosida voqea xalqaro xavotir uyg‘otdi.
– Pokiston xavfsizligi Eron xavfsizligidir, ziddiyat mintaqadagi barcha davlatlar manfaatiga tahdid solmoqda, – dedi Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy 27 yanvar kuni ishonch yorlig‘ini qabul qilish uchun Pokistonning EIRdagi elchisi Muhammad Mudassir Tipu bilan o‘tkazgan uchrashuvi chog‘ida. – Narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma rejalarni amalga oshirish, shuningdek chegara hududlarida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish zarur.
Raisiy Tipuning Tehronda bo‘lishi davomida barcha sohalarda o‘zaro munosabatni rivojlantirish bo‘yicha samarali qadamlar qo‘yilishiga umid bildirdi.
Pokiston elchisi ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi so‘nggi keskinlik asnosida oy boshida hukumat tomonidan chaqirilgandan so‘ng, 26 yanvar kuni vazifasini ado etish uchun Tehronga qaytdi.
Muhammad Tipu “Islomobod Tehron bilan qardoshlik munosabatida yangi sahifa ochishga tayyor”ligini bildirdi va qo‘shimcha qildi:
– Eron Prezidentining mamlakatlarimiz yaqinlashuvi va hamkorligini nazarda tutuvchi aniq yo‘l xaritasini olqishlaymiz.
Elchi “Pokiston rahbariyati Eron bilan birodarlik munosabatini mustahkamlashga qat’iy intilishi, dushmanlarning ikki davlat o‘rtasidagi umumiy chegaradan foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligi”ni ta’kidladi:
– Rasmiylar chegara hududi xavfsizligini ta’minlash, bu hududlarda hujum uyushtirish yoki xavfsizlik vaziyatini beqarorlashtirishga qaratilgan har qanday urinishga qarshi turish majburiyatini oladi.
Eronning Pokistondagi elchisi Rizo Amiriy Mog‘adam ham diplomatik vazifasini davom ettirish uchun Islomobodga qaytdi.
G.Sattorova,
O‘zA