Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, kimyo fanlari doktori, akademik Ahmed Reymov bilan mahalliy olimlar va talabalarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 23 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida haqiqiy a’zolarning asosiy faoliyat yo‘nalishlari doirasida 2024 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritalari” asosida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat, ilmiy natijalarni amaliyotga joriy qilish, joylarda ilmiy maktablarni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish kabi vazifalar belgilangan edi. Shundan kelib chiqib, akademiklarning iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim muassasalari va mahallalarda keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori To‘lqin Nurmurodov boshqarib borgan uchrashuvda A.Reymovning ilmiy-pedagogik faoliyati, tadqiqot mavzusi dolzarbligiga e’tibor qaratildi.
Urashuvda A.Reymov Qoraqalpoq davlat universiteti, mavjud fakultetlar, amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar, kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
– Maqsadimiz olib borilayotgan ilmiy faoliyatni rivojlantirish, universitetlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir, – deydi Ahmed Reymov. – Bugun universitet olimlari va magistrlari bilan uchrashib, ilm sohasidagi, aynan kimyo texnologiyalari sohasidagi yangiliklar, universitetlarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini birgalikda olib borish bo‘yicha bir qator rejalarni kelishib oldik.
Tadbirda professor- o‘qituvchilar, magistr talabalar kimyo texnologiyalari sohasida olib borayotgan izlanishlari va erishilayotgan natijalar haqida to‘xtalib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
– Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlari o‘rtasidagi o‘xshash jihatlar ko‘p, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti prorektori T.Nurmurodov. – Ya’ni har ikkala hudud ham ma’danlarga boy. Bugungi kunda qoraqalpoq qardoshlarimiz ham kon-metallurgiya sohasida qator yirik loyihalarni amalga oshirishmoqda. Kombinatning bir nechta tarmoq korxonalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan. Qolaversa, Nukus shahrida bizning universitet filiali faoliyat olib bormoqda. Hozir ishlab chiqarishdagi turli masalalar yuzasidan olimlarimiz o‘rtasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish kuchaytirilmoqda.
Akademik bilan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ mutaxassislari, qolaversa, Konimex tumanidagi mahallalarda ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu muloqotlardan maqsad ma’danlarga boy ikki hudud – Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi olimlari o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirishdir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari