O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sho‘’basi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari, shahar va tuman hokimlari yordamchilari bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Uchrashuvdan maqsad davlatimiz rahbarining joriy yil 9 yanvardagi “Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyatini tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish va tushuncha berishdan iborat.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sho‘’basi bosh inspektori Ye.Dosanov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Qosnazarov tushuncha berdi.
Jumladan 2024 yildan boshlab tadbirkorlik sub’ektlaridan talab qilinadigan, o‘zaro bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlardan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan 34 turdagi hisobot va statistika ma’lumoti bekor qilinmoqda. Tadbirda bekor qilinayotgan ushbu hisobot, statistik ma’lumotlar, litsenziya va ruxsatnomalar, hisobot va statistik ma’lumotlarning yagona ro‘yxati, joriy qilinayotgan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi, boshqa qulayliklar va sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri.