Turkiya Buyuk millat majlisi (parlament) Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi bo‘yicha hujjatni ma’qulladi, jarayonni davlatga qarashli “TRT Haber” telekanali namoyish qilib bordi.

Aniqlik kiritilishicha, ushbu tashabbusni 346 deputatdan 287 nafari qo‘llab-quvvatlagan, 55 deputat qarshi chiqqan, to‘rt nafar noib ovoz berishga qo‘shilmagan.  Endi Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an shu haqdagi farmonni imzolagandan keyin qaror kuchga kiradi. Hujjat hukumatga qarashli “Resmi Gazete” nashrida e’lon qilinadi. Davlat rahbarida farmonni 15 kun ichida ko‘rib chiqib, imzolash huquqi bor.

Ma’lumki, Shvetsiya 2022 yil may oyida Finlyandiya bilan birga Shimoliy alyansga a’zo bo‘lish uchun ariza taqdim etgan. Finlyandiya o‘tgan yil 4 aprelda 31-a’zoga aylandi. Shvetsiya nomzodini esa Vengriya va Turkiya ma’qullamadi. Shundan buyon Stokgolmning harakati cho‘zilib kelayotgan edi.  Anqara Shvetsiya terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha va’dasini bajarsagina, hujjatni ratifikatsiya qilishini aytib keldi. Iyul oyida Yevropa Ittifoqi a’zosi hisoblangan Shvetsiya Turkiyaning hamjamiyatga a’zo bo‘lish jarayonini faollashtirishga so‘z berdi. Shundan keyin Turkiya ham NATOga a’zolik so‘rovini ratifikatsiya qilishga rozilik bildirdi.

Darvoqe, o‘shanda Shimoliy alyans rahbari Yens Stoltenberg Skandinaviya mamlakatlari NATOga a’zo bo‘lishi va Anqaraning ittifoqqa kirishi “bir-biriga bog‘liq emas” degan.

“Frans Press” agentligi yozishicha, NATO Bosh kotibi Turkiyaning Shvetsiya a’zoligini ratifikatsiya qilganini ijobiy voqea sifatida qarshiladi va Vengriya ham ratifikatsiya jarayonini tezroq yakunlashiga umid bildirdi.

Vengriya tomoni qirollikni NATOga qabul qilish bo‘yicha ovoz berishni keyinga qoldirib, Stokgolm Budapesht bilan munosabatga putur yetkazib kelmoqda, doim “ma’naviy ustunligi”ni ko‘rsatishga harakat qiladi, deya ta’kidladi.

Turkiya parlamenti qarorini AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan ham qo‘llab-quvvatladi. “Bu AQSH uchun muhim ustuvorlik”, – deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Sallivan Shvetsiya kuchli mudofaa hamkori bo‘lishini ta’kidlab, ushbu davlatning NATO faoliyatidagi ishtiroki AQSH va Shimoliy alyansni yanada qudratli, xavfsiz qiladi, deb ta’kidladi.

Rossiya Shvetsiyaning Shimoliy alyans safiga qabul qilinishi bo‘yicha munosabatni uzoq kuttirmadi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu voqea salbiy oqibatga olib kelishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Finlyandiyaning qo‘shilishi yakunlanishi asnosida ishlab chiqilgan tadbirlarga o‘xshash choralar Shvetsiyaga nisbatan ham qo‘llanadi.

S.Rahimov,

O‘zA