Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidan kelgan jami 42 ta umumta’lim maktabining 400 nafardan ziyod o‘quvchisi uchun Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, harbiy kasbga nisbatan g‘urur va iftixor tuyg‘usini uyg‘otish, xalq va armiya yakdilligini ta’minlash hamda harbiy xizmat haqida bilimlarini boyitish maqsadida tashkil etilgan sayohat davomida maktab o‘quvchilari harbiy okrug faoliyati, harbiy qismlarda askarlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ekskursiya avvalida o‘quvchilar Nukus garnizoni harbiy orkestrining musiqiy sadolari jo‘rligida kutib olindi.
Shundan so‘ng, Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Unda boy hayotiy tajribaga ega faxriylar harbiylik, uning mashaqqatli va sharafli yo‘li haqida so‘zlab berdi. Yoshlarni bugungi kunning global muammolaridan biriga aylangan “Ommaviy madaniyat”, din niqobi ostidagi jamiyatimizga bo‘lgan tahdidlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi. Tinchlikning qadri baland, uni asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimiz ekanligi uqtirildi.
Harbiy qism hayoti, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham ularning e’tiboridan chetda qolmadi. Vatan himoyachilari bilan kechgan jonli muloqot davomida yoshlar harbiy bo‘lish uchun nima qilish kerak degan savolga javob oldi.
Askarlar bilan kechgan “Zakovat” intellektual o‘yini, shaxmat bo‘yicha bahslar yoshlarning xotirasida bir umrga muhrlanib qolishi tabiiy. Bu kabi tadbirlar yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhida kamol topishi va kelgusida harbiy sohada xizmat qilishga zamin yaratadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.