Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tuman bo‘limi va Yo‘l patrul xizmati xodimlari bilan hamkorlikda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik va boshqa huquqbuzarliklar uchun tayinlangan jarimalarni undirish maqsadida qo‘shma reydlar o‘tkazib kelinmoqda.
Shunday tadbirlarning birida 2023 yil davomida 31 marotaba yo‘l harakati qoidasini buzganligi sababli Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan jami 17,9 million so‘mlik ma’muriy jarima qo‘llanilgan fuqaro Sh.A.ning boshqaruvidagi “LACETTI” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, jarima maydoniga joylandi.
Majburiy ijro byurosi To‘rtko‘l tuman bo‘limi boshlig‘i tomonidan qoidabuzarga xatlangan avtotransport vositasi tegishli tartibda baholanib, kelgusida elektron onlayn-auksion savdo orqali sotilishi, undan tushgan pul mablag‘i davlat byudjetiga o‘tkazilishi haqida tushuntirish ishi olib borildi. Shundan so‘ng qo‘llanilgan jami 17,9 million so‘mlik 31 ta ma’muriy jarimaning barchasi qoidabuzar tomonidan shu kunning o‘zida to‘landi va uning avtotransport vositasi qaytarib berildi.
Hozirda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarni undirish ishlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.